Pandemiya O'zbekiston uchun vijdon sinovi

O'zbekiston Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov betob, kasalxonada

Qalampir.uz axborot portali asoschisi va rahbari Qamariddin Shayxov koronavirus bilan shaxsan olishar ekan, sog'liqni saqlash tizimi qanday ishlayotgani haqida o'z xulosalariga ega. O'zbekiston pandemiya changalida ekan, axborot, ayniqsa kasallik bilan bog'liq ko'rsatkichlar iloji boricha haqqoniy va shaffof bo'lishi zarur, deydi u. Shayxov fikricha, pandemiya - vijdon sinovi.

AQSh O'zbekistonga bu hafta qariyb 1 million dollarlik tibbiy yordam ko'rsatdi. Tashqi dunyodan shu kabi madad kelib turibdi. O'zbekiston hukumati pandemiyaga qarshi kurashda barcha vosita va imkoniyatlarni ishga solayotganini qayd etmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligiga ko'ra, a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq muhtoj oilalarga davlat byudjetidan bir martalik moddiy yordam puli beriladi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali 220-250 ming oilaga davlat byudjetidan jami 200 milliard so‘m ajratiladi.

"Buning natijasida 1 milliondan ortiq aholi naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan ta’minlanadi", - deya bildirmoqda vazirlik.

“Vaqf” xayriya jamoat fondini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ham davlat byudjetidan 150 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ xayru-saxovat qilinishi kerak.

Hayotini xavf ostiga qo‘yib jonbozlik ko‘rsatayotgan tez tibbiy yordam brigadalarining shifokorlari, hamshiralari, kichik tibbiy xodimlari va haydovchilarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Hukumatga ko'ra, buning evaziga 26 ming oilaning moddiy ahvoli yaxshilanadi.

Haqiqatni yashirish davlatga ham, xalqqa ham qimmatga tushadi

Xullas, yuqorida va'da qilingan naqd pul va xayriya O'zbekistonda jami 652 ming oilaga, ya'ni O‘zbekistondagi jami oilalarning 7,7 foiziga moddiy yordam bo'ladi. Shuningdek, pensiya ham 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Lekin bu yordam ko'zlangan qo'llarga o'z vaqtida yetib borishi va yulg'ich mansabdorlar tomonidan o'marilmasligini ta'minlashda axborot vositalarining roli nihoyatda muhim. Tegishli idoralar ham xalqdan pandemiya va unga qarshi chora-tadbirlar qanchalik ish berayotgani va bermayotgani haqidagi ma'lumotlarni yashirmasligi shart.

Hozirda OAV qanday to'siq va muammolarga uchramoqda? Jurnalistlar oldidagi konkret muammolar nima?

Axborot - xalq mulki", - deydi Qalampir.uz rahbari Qamariddin Shayxov. Biror idora yoki rahbar informatsiya ustidan xo'jayinlik qilolmaydi.

Hozirgi misli ko'rilmagan murakkab sharoitda haqiqatni yashirish har bir o'zbekistonlik va butun aholi, jumladan, hukumat a'zolari uchun ham qimmatga tushadi va tuzatmas xato bo'ladi.

Davlatning eng yuqori pog'onalarida ishlayotganlar ham, xususan Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham betob, salomatligini tiklash uchun tinkasi qurigan sog'liqni saqlash tizimiga tobe ekan, hech kim hech kimni va xalq ham o'zini o'zi aldashni bas qilishi kerak, deydi Shayxov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.