Breaking News

O'zbekiston Ichki ishlar tizimida islohotlar qanchalik real? Toshkentdan javob


24-iyun kuni Toshkentda "Yuksalish" umummilliy harakati o'tkazgan muloqotda "Amerika Ovozi" Ichki ishlar vazirligi vakillariga savollar bilan murojaat qildi

O'zbekiston ichki ishlar tizimida islohotlar qanchalik real? Islohotlar buyruqni bajarish uchungina qilinmayotganini qayerdan va nimadan bilamiz?

Shu oy Andijon shahrida bir fuqaro militsiya xodimlari tomonidan qiynoqqa solingani va natijada jon bergani tergov ostida ekan, qiynoqlar rasman man etilsa-da, amalda vaziyat hamon juda og'ir ekani jamoatchilik orasida qizg'in muhokamada.

"Tan olish kerak, ko‘pchilik hamyurtlarimiz ichki ishlar organlariga ishonmaydi, yana ko‘pchiligi esa ulardan qo‘rqadi. Ichki ishlar organi xodimi deganda, yaxshi insonni tasavvur qilish kamdan-kam kuzatiladi", - deydi Oliy Majlis deputati va "Yuksalish" umummilliy harakati rahbari Akmal Burhanov.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili, Ombudsman Ulug'bek Muhammadiyev vazirlikka haddan tashqari ko'p vazifa yuklangan deya, bu borada sistematik o'zgarishlarga undamoqda.

Lekin tizimning o'zi bu vazifalar va ular bilan keladigan vakolatlarni boy berishni xohlaydimi?

24-iyun kuni Toshkentda "Yuksalish" umummilliy harakati o'tkazgan muloqotda "Amerika Ovozi" Ichki ishlar vazirligi vakillariga yuqorida keltirilgan savollar bilan murojaat qildi.

Suratda markazda o'ngdan Ombudsman Ulug'bek Muhammadiyev va chapda deputat Akmal Burhanov, "Yuksalish", Toshkent, 24-iyun, 2020
Suratda markazda o'ngdan Ombudsman Ulug'bek Muhammadiyev va chapda deputat Akmal Burhanov, "Yuksalish", Toshkent, 24-iyun, 2020

Rustam Xatamov, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari:

"Andijon viloyatida bo‘lgan voqea, butun tizim rahbariyatini, barcha shaxsiy tarkibni nihoyatda tashvishga soldi. Noma’qul, tizimga tasodifan kirib qolgan xodimlarni ishdan bo‘shatish choralarini doimiy ravishda ko‘rib boramiz".

Xodimlarning ruhiy salomatligiga e'tibor qanday?

"Ichki ishlar xodimlari kundalik faoliyatida tez-tez stress, zo‘riqish holatiga tushib qoladi. Chunki ular jinoyatchilik holatlari bilan bevosita to‘qnashadi. Shuning uchun psixologik ta’minot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak. Tizimda sog‘lom fikrlaydigan, halol, pok, vijdonli, vatanparvar xodimlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi", - deydi vazir o'rinbosari.

Xatamovning ta'kidlashicha, endilikda har bir tuman ichki ishlar organlarida xodim va fuqaro suhbati uchun alohida xona bo'ladi. Muloqot audio-video uskunalari orqali yozib boriladi, deydi vazir o'rinbosari.

"Umuman, kaltaklash, tazyiq o‘tkazish holatlarining oldini olishning barcha choralarini ko‘ramiz", - deydi Xatamov.

O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G'iyasov, "Yuksalish", Toshkent, 24-iyun, 2020
O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G'iyasov, "Yuksalish", Toshkent, 24-iyun, 2020

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyasov:

"Yaqinda Andijon shahrida, undan avval Chiroqchi tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyat — kechirib bo‘lmas holat, tizim sha’niga tushgan katta dog‘. Bundan keyin har qancha harakat qilmaylik, bu dog‘lar kamchiligimiz haqida eslatib turadi".

Lekin, deya ta’kidlaydi G'iyasov, ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan shaxsga nisbatan jarohat yetkazilganligi aniqlansa, bu favqulodda hodisa hisoblanadi. Tezkor guruh tuzilib, tafsilotlar o‘rganiladi.

"Ayrimlar “yaxshiyamki, bu ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, bo‘lmasa ish yopdi-yopdi bo‘lib ketardi, hech qanday chora ko‘rilmas edi” deyishmoqda. Bu noto‘g‘ri. O‘z safimizni tozalash, birinchi navbatda, bizning o‘zimizga kerak", - deydi Ichki ishlar vazirligi so'zlovchisi.

G'iyasov o'tgan bir yilda tizimda ko'rilgan choralar, xususan, "tozalash" borasida faktlar va misollar keltiradi:

"2019-yilda jami 7039 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan. Yo‘l harakati qoidalarini buzgan 1223 xodim jarimaga tortilgan. 133 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Joriy yilda esa 2350 xodim xizmat intizomini buzgani aniqlandi. 529 nafari yo‘l harakati qoidalarini buzgan hamda 45 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan. 78 nafar xodimimiz karantin qoidalarini buzganlik uchun jarimaga tortilgan, bir nafari ishdan bo‘shatilgan".

"So‘zda emas, amalda qonun ustuvorligini ta’minlash — asosiy vazifamizdir", - deydi G'iyasov.

Ichki ishlar vaziri o'rinbosari Xatamov "Amerika Ovozi" savollariga to'xtalar ekan, tizimda islohotlar allaqachon avjida va o'zgarishlar qilish uchun iroda yetarli, deydi.

Har ikki rasmiy tan oladiki, vazirlik islohotlar ko'lami va natijasi haqida ko'proq ma'lumot berib, ommaviy axborot vositalari bilan professional aloqani kengaytirishi, tizim jamoatchilik nazorati uchun ochiq turishi va xalq ishonchini kuchaytirish uchun qattiqroq harakat qilishi kerak.

Rustam Xatamov, O'zbekiston Ichki ishlar vaziri o'rinbosari
Rustam Xatamov, O'zbekiston Ichki ishlar vaziri o'rinbosari

Xatamov deydiki, Ichki ishlar vazirligi qo'riqlash vazifasini Milliy gvardiyaga, yong'in xavfsizligini ta'minlash ishini esa Favqulodda vaziyatlar vazirligiga topshirgan.

Ichki ishlarning asosiy funksiyalari qayta ko'rib chiqilar ekan, vazifa va vakolatlarda o'zgarishlar bo'lishi kutilmoqda.

Ombudsman Muhammadiyev nazarida, shu hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani tasdiqlagani hamma uchun muhim signal. Farmon va yangi “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, ushlangan shaxsni videotasvirga yozish, unga protsessual huquqlarini va yuridik himoya haqida tushuntirish tartibi joriy qilinishi kerak.

Ushlab turilgan shaxsning yaqin qarindoshlarini, ular topilmasa, boshqa qarindoshlarini bu haqda darhol xabardor qilish majburiyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuklanmoqda, deydi ombudsman.

"Andijondagi voqea misolida qarasak, fuqaro IIBga olib ketilganda hech kimga hech narsa aytilmagan, qarindoshlari uning qayerdaligidan bexabar qolishgan. Shunday holat bo‘lmasligi kerak. Hamma jarayonlar rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi qonuniy bo‘lishi lozim. Ya’ni fuqaro ushlanib, olib ketildimi, uning qaerdaligi, nima ayb qo‘yilganidan qarindoshlari xabardor qilinishi zarur", - deydi Muhammadiyev.

Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, 2019-yilda xizmat vazifasini bajarish jarayonida 28 nafar ichki ishlar xodimi vafot etgan, 229 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

"Ahamiyat bering, birgina yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash vaqtida 20 nafar xodim halok bo‘lgan, 81 nafari jarohatlangan", - deydi vazirlik matbuot kotibi G'iyasov.

Joriy yilda ish paytida vafot etganlar soni besh nafar, jarohatlanganlar 73 nafar, asosan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG