Rasmiylar va ekspertlar: Saylov tizimi buzilmagan, ovozlar o'chirilmagan

  • Amerika Ovozi

Konvertlardagi ovozlar... Atlanta, Jorjiya shtati, 5-noyabr, 2020

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi bayonotiga ko'ra, bu yilgi saylovlarda qo'llangan tizimlar risoladagidek ishlagan va berilgan ovozlarning birortasi o'chirilmagan.

Vazirlik ikki ishonchli tashkilot, Saylov infrastrukturasini muvofiqlashtiruvchi davlat kengashining boshqaruvchi qo'mitasi va Saylov infrastrukturasi koordinatsion kengashi, sistemani boshdan oyoq tekshirib chiqqan va xulosa shuki, jarayon xavfsiz va ishonchli kechgan. Bu kengashlarning mutaxassislari bilan Ichki xavfsizlik vazirligining Kiber xavfsizlik va infrastruktura xavfsizligi agentligi ishlagan.

"Biror tizimda muammo bo'lgani yoki ovozlar o'chib ketgani, ovozlar o'zgartirilgani yoki biror boshqa xatolik yoki chigallik bo'lgani haqida isbot-dalil topilmadi", - deyiladi vazirlik hisobotida.

Buni ham ko'ring Jo Bayden: Amerika ishonadigan va faxrlanadigan prezident bo'laman

Saylovda demokrat nomzod Jo Bayden g'olib bo'ldi, ya'ni saylanish uchun zarur ovozlarni oldi. Buning uchun Saylov kollegiyasidagi 538 ovozdan kamida 270 tasini qo'lga kiritish lozim.

Prezident Donald Tramp qayta saylana olmaganini hali tan olmadi va saylovda ovozlar o'g'irlangan va jarayon nodemokratik kechgan, deya iddao qilmoqda.

Oq uyga ko'ra, prezident saylovida ko'plab shtatlarda qora ishlar ishlar amalga oshirilgan, ammo shu paytgacha biror shtat yoki biror organ, jumladan sudlar ham bu da'volarni asosli deb topmadi. Da'volar mish-mish, yolg'on va manbasi mavhum, deya chetga surilgan.

"Saylov jarayoni haqida ko'plab asossiz gaplar va uydirmalarga qaramay, tizimni tekshirib chiqib, xulosa qildikki, jarayon xavfsiz va ishonchli o'tgan", - deya qayd etiladi bayonotda.

Bu tashkilotlarning eslatishicha, Bayden va Tramp olgan ovozlar juda oz miqdorda farq qilgan shtatlarning har birida ovozlarning qog'ozdagi isboti ham bor va zarur bo'lsa, qayta sanash mumkin.