Pompeo: So'z erkinligi hozir har qachongidan ham muhimroq

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo "Amerika Ovozi" idorasida, Vashington, 2021-yil, 11-yanvar

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo so’z erkinligi dunyo uchun hanuz muhim ekanini ta’kidladi. Bu haqda u “Amerika Ovozi”ning Vashingtondagi idorasiga qilgan tashrifi chog’ida gapirdi.

Pompeo “Amerika Ovozi”ning demokratiya va erkinlikni targ’ib qilish hamda qo’llab-quvvatlash yo’lida amalga oshirayotgan ishlarini olqishlab, dunyo hozir sizning erkinlik uchun chaqirig’ingizga har doimgidan ham ko’proq muhtoj, dedi.

Davlat kotibi Xitoy, Eron kabi rejimlarning so’z erkinligi va ozodlikka qarshi shafqatsiz zug’um o’tkazishda davom etayotganini keskin qoraladi.

“Amerika dunyodagi eng buyuk davlat ekanini efirga olib chiqish soxta xabar emas, – dedi Pompeo. – Sizning vazifangiz Pekin va Tehrondagi avtoritar rejimlarga minbar berish emas, balki demokratiya, erkinlik va Amerika qadriyatlarini dunyo bo’ylab targ’ib qilishdir”.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh davlat kotibi "Amerika Ovozi"da

U, shuningdek, “Amerika Ovozi” va boshqa bir qator ommaviy axborot vositalarini o’z ichiga oluvchi AQSh Global media agentliginini o’z missiyasidan og’ishmaslikka, Amerikani yomonotliq qiladigan xabarlarni emas, balki Amerika qadriyatlarini ko’proq yoritishga chaqirdi.

Pompeo so’nggi yillarda xodimlarni ishga yollashda xavfsizlik tekshiruvlari yetarli darajada va to’g’ri olib borilmaganini ham qayd etib, yangi rahbariyat shu kabi muammolarni hal qilishga kirishganini ta’kidladi.

Tramp ma’muriyati jamoasi bilan biz “Amerika Ovozi”ni haqiqat yo’lidagi missiyasiga qaytarishga, xolis ishlashga va o’z vazifasini bajarishda siyosiylashishdan uzoqlashtirishga harakat qilyapmiz, deya qo’shimcha qildi Pompeo.

“Har hafta dunyo bo’ylab 270 million odam 47 tilda “Amerika Ovozi”ni tinglaydi. Rejim kishanlaridan xalos bo’lishni xohlaydigan eronliklar, Rossiya dezinformatsiyasi va propagandasini emas, haqiqatni eshitishni xohlaydigan moldovanlar, ukrainaliklar; 1949-yildan beri shafqatsiz rejimdan charchagan xitoyliklar; korrupsiyaga botgan Maduro rejimi haqida haqiqatni bilishni xohlovchi venesuelaliklar hanuz umid bilan Amerikaga qarab turibdi”, - dedi AQSh Davlat kotibi.

Pompeo Gonkongdagi namoyishlarni yoritgan jurnalistlarni, “Ozodlik” radiosining uyg’ur xizmatini alohida tilga olib, ularning jasorat bilan amalga oshirayotgan ishlarini olqishladi.

O’z nutqisning so’ngida Pompeo “Amerika Ovozi” jurnalistlarini o’z missiyalarini unutmaslikka chaqirdi.

“Amerika dunyoga haqiqatni yetkazishi ularga yorug’lik olib kirishi bilan barobar. Shuni unutmang. Sizning qiladigan ishingiz shu”, - dedi u.