Tramp ikkinchi marta impichment qilindi

  • Amerika Ovozi

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi impichment jarayonini boshqarmoqda, Vashington, 2021-yil, 13-yanvar

AQSh Kongressi Vakillar palatasida Prezident Donald Tramp ikkinchi marta impichment qilindi. Qonunchilar prezidentni o’z tarafdorlarini g’alayonga undaganlikda aybladi. 6-yanvar kuni Trampning da’vati ortidan namoyishchilar Kapitoliyga yurish qilib, Kongress binosiga bostirib kirgan edi.

Impichment qarorini Vakillar patasidagi qonunchilarning 232 tasi yoqladi, 197 nafari unga qarshi chiqdi. Respublikachilarning 10 tasi qarorni yoqlab, demokratlarga qo’shildi.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Trampni “erkinlik, o’z-o’zini boshqarish va qonun ustuvorligi” uchun tahdid deb atadi.

Impichment qarori Prezident Donald Tramp prezidentligi tugashiga bir hafta qolganda qabul qilindi. 20-yanvar kuni noyabrdagi saylovda g’olib bo’lgan Jo Bayden navbatdagi president sifatida Oq uyga kirishi kerak.

Tramp tarafdorlari Kongress binosiga bostirib kirdi

Vakillar palatasi qarori ortidan impichment bo’yicha prezident Senatda sud qilinadi. Prezidentni Vakillar palatasida olg’a surilgan modda bo’yicha aybdor deb topish uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak. Ammo vaqt oz qolgani bois 20-yanvargacha Senatda bu masala bo’yicha tinglov boshlanishi kutilmayapti.

Birinchi impichment

Vakillar palatasi 2019-yil oxirida ham Trampni adolat yo’liga to’sqinlik qilish aybi bilan impichment qilgan edi. Keyingi yil fevral oyida prezident respublikachilar hukmron Senat tomonidan oqlangan.

Qonunchilarda prezidentni ikkinchi bor impichment qilish niyati 6-yanvar kuni Kapitoliyda yuz bergan xurujlar ortidan paydo bo’ldi. Demokrat qonunchilar qisqa muddatda ayblov moddasini tayyorlab, ovozga qo’ydi.

“G’alayon qo’zg’ash”

Donald Tramp bir hafta oldin Vashingtonda o’tkazilgan namoyishda tarafdorlari bilan uchrashib, ularni kurashishga, Kapitoliy sari yurish boshlashga da’vat etgan edi.

Shundan so’ng minglab namoyishchilar Kapitoliy oldida to’plana boshladi. Kongress qo’shma sessiya orqali 3-noyabrda o’tgan prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlayotgan bir paytda namoyishchilarning bir guruhi Kapitoliyga bostirib kira boshladi. Natijada yig’in to’xtatildi, qonunchilar evakuatsiya qilindi.

Prezident Donald Tramp tarafdorlari oldida nutq so'zlamoqda, Vashington, 2021-yil, 6-yanvar.

Hujum natijasida kamida 5 kishi halok bo’lgan, ulardan biri politsiyachi.

Demokrat qonunchilarga ko’ra, namoyishchilarning Kongress binosiga bostirib kirishiga Trampning bayonoti sabab bo’lgan. Shu bois uni impichment qilish harakatini boshladik, deydi ular.

Tramp Kongressda tartibsizliklar boshlanishi ortidan tarafdorlarini tinchlanishga chaqirib murojaat e’lon qildi, ammo zo’ravonliklarni keskin qoralamagani uchun tanqidlarga uchradi.

Impichementga respublikachilar ham qo’shildi

2019-yil qabul qilingan impichmentga respublikachi qonunchilardan hech kim qo’shilmagan edi. Ammo bu safar Vakillar palatasidagi 10 respublikachi demokratlar boshlagan jarayonni yoqlab ovoz bergan.

6-yanvar kuni yuz bergan tartibsizliklar ko’plab respublikachilarni ham norozi qildi. Trampni to’rt yil davomida qo’llab kelgan ko’plab partiya vakillari bu safar prezidentdan yuz o’girgani kuzatildi.

Saylov natijalarini tasdiqlash jarayonidagi kelishmovchiliklar tufayli Vitse-prezident Mayk Pens va Prezident Tramp orasiga ham sovuqlik tushgan.

Baydenning munosabati

20-yanvar kuni AQShning 46-prezidenti sifatida faoliyatini boshlayotgan Jo Bayden Senat ham Vakillar palatasi bilan bir paytda impichment tinglovini boshlashi kerak edi, degan fikrda. Ayni paytda u Oq uyga kirishi bilan Senatda vazirlarni tasdiqlash jarayoni boshlanishidan umidvor. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasidan qattiq aziyat chekkan iqtisodiyot uchun qo’shimcha yordam ajratish masalasi ham muhokama qilinishi kutilyapti.

AQSh prezidenti etib saylangan Jo Bayden

Baydenning aytishicha, Kapitoliyga hujum uyushtirganlar tegishli jazoga tortiladi.

Allaqachon tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblanib, o’nlab odam hibsga olingan. Kameralarga tushgan tasvirlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar orqali yana ko’plab odamlarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda.