Xalqaro qo'mita: O'zbekiston so'z erkinligini cheklovchi qonunlarni bekor qilsin

  • Amerika Ovozi

O’zbekiston internet orqali erkin fikr bildirish huquqini cheklovchi qonun bandlarini bekor qilishi kerak. Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi shunday bayonot bilan chiqdi.

O’zbekiston Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks hamda 2003-yilgi Axborotlashtirish to’g’risidagi qonunga kiritilgan o’zgartirishlar internet orqali amalga oshiriladigan bir qator faoliyat turlari uchun javobgarlikni kuchaytirgan. Yangi qonuniy bandlar 31-mart kuni kuchga kirdi.

O’zgarishlarga ko’ra, prezidentni internet orqali haqorat qilganlar, ommaviy tartibsizlikka chaqirganlar bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Shuningdek, qonunlarni va jamoat tartibini buzishga chaqiruvchilar yoki davlatga “hurmatsizlik” ko’rsatadiganlar ham javobgarlikka tortiladi.

“O’zbekistonda oktabrdagi prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, bu yangi huquqiy o’zgartirishlar orqali mutasaddilar erkin fikr ustidan nazoratni kuchaytirishni niyat qilgan ko’rinadi. Agar O’zbekiston rasmiylari dunyoni haqiqatda liberal islohotlar o’tkazishga urinayotganiga ishontirishni istasa, ular matbuot erkinligini cheklovchi, tanqidiy yozadiganlarga qamoq va jarimalar bilan tahdid soluvchi qonunlarni bekor qilishi kerak”, - deydi Jurnnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said.

Yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-bandiga ko’ra, prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2003-yilgi Axborotlashtirish to’g’risigida qonun 12-moddasi 1-bandiga ham o’zgartirish kiritilgan. Unda internet orqali amalga oshirish taqiqlangan faoliyat turlari ro’yxati kengaytirilgan. Ushbu ro’yxatga ko’ra, endi ommaviy tartibsizliklarga, shuningdek belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglarda, ko‘cha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish hamda jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi axborotni tarqatish mumkin emas. Ushbu faoliyat turlari bilan shug’ullanganlarga javobgarlik belgilandi.

Bundan tashqari, boshqalar tomonidan qoldiriladigan izohlarni nazorat qilish va noqonuniy kontent aniqlanganda, ularni o’chirish majburiyati ham onlayn resurs egalari zimmasiga yuklatilgan. Bu narsa avvalroq qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tartibga solinadi.

Ushbu tartibga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan so’ng, vebsayt yoki sahifa egasi 24 soat ichida ushbu axborotni o’chirib tashlashi lozim. Agar ma’lumot olib tashlanmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki Markaz tomonidan ushbu axborotni olib tashlash bo‘yicha sayt, ijtimoiy tarmoq yoki messenjer ma’muriga yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilinishi mumkin.