Pandemiya ayol jurnalistlar faoliyatini yanada qiyinlashtirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston radio studiyalarida

Koronavirus shu kungacha dunyo bo'ylab uch milliondan oshiq odamni o'ldirdi. 150 million kishi unga chalindi. Hayot deyarli har bir mamlakatda murakkablashdi, ishda ham, turmushda ham. Jurnalist ayollar faoliyatiga nazar tashlasak.

2020-yilning mart oyida dunyo yopila boshladi. Davlatlar birma-bir favqulodda choralar tatbiq etdi, pandemiyaga nisbatan.

"Hamma uyda o'tirsin, deyildi, lekin jurnalist ishini qanday qiladi? Uning ishi va noni xalq orasida. Ayniqsa, xotin-qizlar yanada qiynaldi, chunki ularning yolg'iz chiqishi, odamlar bilan uchrasha olishi mumkin bo'lmay qoldi. Agar mustaqil jurnalist bo'lsangiz, tirikchilik yanada orqaga ketdi", - deydi Kiran Nazish, Jurnalist ayollar koalitsiyasi rahbari.

Pandemiya avjiga chiqar ekan, hukumatlar karantinni kuchaytirdi, chegaralar yopildi. Ommaviy axborot vositalariga talab oshdi, ammo ularning axborot yig'ish imkoniyati cheklandi. Informatsiya oqimi zarar ko'rdi.

"Turkiyada, Livan, Misr, Xitoy, Pokiston kabi mamlakatlarda media o'z ishini qilolmay qoldi hisob. COVID-19 bahonasida nima muhim ekanini hukumat belgilab, o'zi xohlagan ma'lumotni istagan miqdorda berdi".

"Pokistonda, masalan, ayol jurnalistlar masalaning tubiga yetmoqchi bo'lganida, to'siqlar bilan yuzlashdi. Asma Shiroziy virus haqida, yetishmovchiliklar, kamchiliklar, muammolar haqida xabar berganida, uni soxtakorlikda ayblashdi. Izlanishlarimiz, ayniqsa ayol jurnalistlar soxta yangilikda ayblanganini ko'rsatadi, chunki ular aksariyat hollarda muammolarni kavlagan".

Buni ham ko'ring Afg'on jurnalist ayollari Tolibon bilan muzokarada qatnashishni istaydi

Afg'onistonda ayol jurnalistlar toliblar hokimiyatga qaytishidan xavotirda, shuningdek, o'tgan bir yil mobayanida ularga hujumlar ko'paydi, ayniqsa, TV va radiolarda ishlaydiganlar jangarilar nishonida. Biroq muxbirlar va muharrirlar tahdid oldida bosh egmoqchi emas va yanada qattiqroq ishlayotganini aytadi.

Turkiyada Ebru Kuchukayadin koronavirus borasida chuqur tahliliy materiallari uchun hibsga olindi. Hukumat uni vahima ko'tarayotganlikda aybladi. Keyinroq qo'yib yuborildi.

Malayziyada Von Nur Hayotiy, Misrda Rut Mayklson ham pandemiya mashaqqatlarini aks ettiruvchi materiallari uchun qoralandi, bosimga uchradi, ayblovlar bilan yuzlashdi. Taniqli jurnalistlar asosli axborot bergan.

2020-yilda Jurnalistlar xalqaro federatsiyasi 52 mamlakatdagi 560 ga yaqin ayol jurnalist bilan izlanishlar olib borgan. Stress darajasi pandemiya davrida 77 foizga ko'tarilgan.

Ketrin Gicheru Keniyada ayol jurnalistlar tashkilotini yuritadi. Tashabbusni AQShdagi Xalqaro jurnalistlar markazi boshlagan. Xotin-qizlar azaldan ezib kelinadigan jamiyatlarda ular qay sohada ishlamasin, pandemiya hayotni yanada qiyinlashtirdi, deydi Gicheru.

Buni ham ko'ring Uyushgan jinoyatga qarshi kurashayotgan global jurnalistika

"Tanzaniya, Uganda, Nigeriya... Ayollar ham ishlaydi, ham oilaga qaraydi. Uydan turib ishlash qanchalik og'ir ekanini tasavvur qiling. Jurnalistlarning ishi 3-4 barobar ko'paydi. Ruhan toliqasiz, bosim ostidasiz; bir paytning o'zida bir necha yo'nalishda harakat qilish kerak. Hamma qatori xavotirdasiz, lekin zimmangizda boshqalarga qaraganda ko'proq vazifa va mas'uliyat. Ayollar juda qiynaldi va qiynalmoqda".

Buning ustiga ishdan ayrilganlar ham talay.

"Ko'plab tashkilotlarda pandemiya davrida ish o'rinlari qisqardi. Keniyada, masalan, ko'plar shartnoma asosida ishlashadi. To'liq stavkadan yarimga o'tganlar ham bor. Daromad pasaygan. Xullas, jurnalistlardan so'rasangiz, ish bilan bog'liq masalalar og'irlashgan", - deydi Gicheru.

Ayol jurnalistlar ko'taradigan mavzular ham chetda qolmoqda: onalik va salomatlik, xotin-qizlarga oila va ko'chadagi bosimlar, zo'ravonlik, jinsiy tengsizlik va boshqa chuqur ildizli muammolar.