Bosh miya jarohatining qanday asoratlari bor?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Afg’onistondagi urushni tugatdi, ammo uning askarlar sog’ligidagi asorati uzoq davom etishi kutilmoqda.

Bosh miya jarohati urush yoki sport o’yinlarida orttiriladigan kasallik hisoblanadi.

“Markaziy nerv sistemasini ishdan chiqaradigan darajadagi qattiq zarba boshga kelib tushsa, bosh miya jarohati yuz beradi”, - deydi doktor Joul Sholton.

Miya chayqalishi ham jarohatga sabab bo’lishi mumkin. Sobiq qonunchi Gebbi Giffords 10 yil oldin Arizonada saylovchilar bilan uchrashuvda boshidan o’q yegan. Omon qolgan, ammo uning miya jarohati tuzalishiga uzoq yillar ketgan.

“Yengil jarohat olib, lekin vaqt o’tishi bilan ahvoli og’irlashganlarni ko’rganmiz. Ayni paytda og’ir miya jarohatiga yo’liqib, bir-ikki oy komada yotib, keyin o’ziga kelgan, to’liq tuzalib, ishga, hayotga qaytganlar ham bor”, - deydi Sholten.

Shifokorning aytishicha, jarohatni aniqlash texnologiyasi yaxshilanib bormoqda, ammo miyaning qanday ishlashi hanuz jumboq.

“Yaxshiroq tashxis qo’yish, vaqtida aniqlash bo’yicha o’rganish kerak bo’lgan narsalar ko’p. Kimdadir miya chayqalishi yuz berganini aniqlash uchun belgilarni farqlay olish muhim”, - deydi Sholten.

Bosh miya jarohati ruhiy yoki emotsional muammolarni ham keltirib chiqaradi.

Sholtenga ko’ra, urush veteranlari ruhiy sog’liq tekshiruvidan o’tkaziladi. Aksariyati ustidan nazorat uzoq yillar davom etadi.

Olimlar ayni paytda miya hujayralari o’zini qanday tiklashi jarayonini o’rganmoqda.

Odamlar dori-darmonsiz miya jarohatidan tuzalishi ham mumkin.

“Badantarbiya bilan shug’ullanish miya hujayralariga yordam beradi. Yaxshi uyqu miyaning tiklanishiga hissa qo’shadi va ruhiy asoratlarni ham kamaytiradi”, - deydi shifokor Sholten.

Mustahkam sog’lik asosida yaxshi ovqatlanish va jismoniy mashq turadi. Ammo miyaning ko’plab ajoyibotlari olimlar uchun hanuz sirligicha qolmoqda.