"Zamon turk dunyosining foydasiga o'zgaryapti"

Your browser doesn’t support HTML5

Turk dunyosi siyosiy uyg’onishlar pallasiga kirayotgani aytilmoqda. Turk davlatlari kengashi yaqinda Turk davlatlari tashkilotiga aylandi. Bu jiddiy burilishlarsiz qayd etilgan zaif bir yangilikdek tuyulsa-da, turk davlatlari doxil jamoatchilik umidlangan.

Nega turkiy davlatlar emas, turk davlatlari? Agar O’zbekistonning davlat ramziga aylangan Amir Temur o’z millatini turkning bosh bo’g’ini sifatida e’tirof etgani, millat timsollaridan yana biri Alisher Navoiy hazratlari turk nazmida ijod qilgani haqida yozgani inobatga olinsa, nega “Turk davlatlari tashkiloti” ekanligi ortiqcha izohga muhtoj emas.

Aslida nom emas, faoliyat muhim, chunki raqobat kuchayib borayotgan dunyo siyosati manzarasida aksariyat turk davlatlari ancha zaif ko’rinadi.

Aynan turk davlatlari birligi turk dunyosi taraqqiyoti ustuni ekanligi uzoq yillardan, har holda aksariyat turk davlatlari mustaqillikka erishganidan buyon ta’kidlab kelinayotgan mulohazadir.

Ammo Turk davlatlari kengashi tashkilotga aylanishi uchun 30 yilga yaqin vaqt talab qilindi. Tashkilotga aylangach ham bu tuzilmadan nima kutish mumkinligi savol ostidagi masala. Ayniqsa undagi aksariyat yetakchilar, siyosiy tuzumlar o‘zgarishsiz qolayotgani inobatga olinsa.

Bundan qat’i nazar umidlar mavjud. Bunday umidlar turk dunyosidagi taniqli ziyolilar, siyosatchilar tomonidan asoslanayotgani esa diqqatga molikdir.

O’zbek shoiri, siyosatchisi Muhammad Solih - hali Sovet O’zbekistoniga turk dunyosi g’oyalarini olib kirgan ziyolilardan biri. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, turk davlatlarida mavjud tuzumlar, yetakchilardan qat’i nazar turk dunyosining o’zida bugun uyg’onishlar kezmoqda. Davlatlar va yetakchilar emas, balki aynan shu uyg’onish Turk tashkiloti kelajagini belgilaydi.