Breaking News

Afg’oniston voqealari Turk kengashini siyosiy maydonga olib chiqadimi?


Turk kengashining Istanbuldagi sammiti

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turk kengashi sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaga safarini boshladi. Bu yaqinda o'tgan prezidentlik saylovida g’alaba qozongan Shavkat Mirziyoyevning xorijga dastlabki safari.

Mirziyoyev Turkiyaga tashrifi davomida ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazishi ham kutilmoqda, ammo safardan asosiy maqsad Turk kengashi faoliyatini takomillashtirish masalalarini muhokama qilish.

Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashi Ozarbayjon, Turkiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistondan iborat.

O’zbekiston kengashga 2019-yilda qo’shildi. 2009-yilda tuzilgan bu tashkilot faoliyati hozirgacha asosan turli madaniy va ma’rifiy tadbirlar o'tkazish bilan cheklangan.

Istanbuldagi sammit kengash faoliyatida o’zgarishlar qilishi mumkin. Sammit kun tartibidagi masalalardan biri tashkilot nomini Turkiy kengashdan Turkiy tashkilot yoki Turkiy ittifoqqa o’zgartirish ekanligi xabar qilinmoqda.

Tashkilot nomini o’zgartirishdan maqsad hozircha noma’lum, ammo sharhlovchilar Markaziy Osiyodagi bugungi reallik turkiy davlatlar, jumladan, bu davlatlar ishtirokidagi ittifoq shaklanishiga ehtiyoj yuzaga keltirayotganini ta’kidlamoqda.

Sharhlovchi Namoz Normo’minga ko’ra, Afg’onistondagi voqealar, xususan, AQSh bu mamlakatni tark etishi ortidan mintaqada yangi geosiyosiy raqobat maydoni shakllanmoqda.

“Afg’onistondagi voqealar ortidan Rossiya mintaqadagi, xususan, Tojikistondagi pozitsiyalarini jiddiy kuchaytirib oldi. Boshqa tomondan Xitoy yanada faollashgan. Bu mintaqa davlatlaridan ko’p vektorli tashqi siyosat shakllantirishni talab etadi. Turkiya ham, Turkiy kengashdagi boshqa davlatlar ham buni anglab yetmoqda. Turkiya Afg’onistonda, Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlarda ishtirok etish qarorida. Bu, tabiiyki, turk davlatlari tashkiloti faoliyatini jonlantirishni talab etadi. Hozirgacha bu tashkilotning zaifligi avvalo tarkibda O’zbekistonning yo’qligiga, Turkiya bilan siyosiy munosabatga bog’liq qolayotgan edi. O’zbekistonni tashkilotga qo’shildi, Turkiya bilan siyosiy munosabatlar tiklandi. Afg’onistondagi voqealar ortidan yuzaga kelgan vaziyatning o’zi turkiy davlatlarni siyosiy maydonda yaqin hamkorlikka undamoqda. Istanbuldagi sammitda prezidentlar shu masalani Afg’onistondagi voqealar ortidan yuzaga kelgan yangi geosiyosiy vaziyatni, kengash doirasida qanday siyosiy faoliyat yurishni muhokama qilishadi deb o’ylayman”, - deydi Namoz Normo’min.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati tomonidan tashrifga doir tarqatilgan rasmiy ma’lumotda sammit kun tartibida Afg’oniston masalasi borligi ko’rsatilmagan. Muhokamadagi asosiy masalalar sirasida savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport, madaniy aloqalarni rivojlantirish sanab o’tilgan. Shuningdek, tashkilot faoliyatini takomillashtirish ham ko’rib chiqilishi ta’kidlab o’tiladi.

Turkiy kengashni faollashtirish o’zbek jamoatchiligi tomonidan qizg’in quvvatlanadi. Rasmiy darajadagi siyosiy munosabatlar esa ancha zaif. O’zbekiston bu tashkilotga qo’shilgan 2019-yildan buyon ham Kengashdagi faoliyat asosan umumiy bayonotlardan iborat.

Bu a’zo davlatlarning tashqi siyosatida asosan Rossiya va Xitoy ustuvorlik qilayotgani, boshqa tomondan Kengashning asosiy qudrati Turkiyada ham mintaqadagi geosiyosy raqobatga qo’shilish imkoniyati cheklangani bilan ham izohlanadi.

Ammo sharhlovchi Namoz Normo’minning ishonishicha, vaziyat bugun turkiy davlatlar hamkorligi kuchayishi tomon o’zgarmoqda:

“Albatta, mintaqa davlatlari tashqi siyosatida Rossiya hamon asosiy o’rinda, gap shu ustuvorlik yonida ko’p vektorli siyosatni shakllantirish haqida bormoqda. Men turkiy kengash hamkorligi ittifoq darajasida shakllanadi degan umiddan uzoqman. Kengash a’zolari hali bunga tayyor emas. Ammo ko’p narsa Turkiya va O’zbekistonga bog’liq. O’zbekiston 35, Turkiya 82 million aholiga ega yirik davlatlar, ya’ni Turkiy kengash ittifoq darajasida shakllangan taqdirda bu kuch bilan hisoblashish zarur bo’ladi. O’ylashimcha, Turkiya tez orada Markaziy Osiyo, shu orqali Afg’onistondagi ishtirokini ham jiddiy kuchaytiradi”, - degan fikrda Namoz Normo’min.

Turk kengashining navbatdagi sammiti 11-12-noyabr kunlari Istanbulda o’tadi. Unda Ozarbayjon, Turkiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston prezidentlari, shuningdek, kengashda kuzatuvchi maqomiga ega davlat Vengriya rahbari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG