Turkiyalik arman jurnalisti Xrant Dink o’ldirilganiga 15 yil to’lar ekan, Istanbulda adolat talabi bilan minglab odamlar namoyishga chiqdi.
Ular “Hammamiz Xrant, hammamiz arman”, “Xrant uchun, adolat uchun” deb yozilgan plakatlar bilan jurnalist 2007-yilda otilgan bino qarshisida to’plandi, turk va arman qo’shiqlari yangradi.
“Ajoyib tomoni shundaki, 15 yildan keyin ham ko’pchilik Xrant Dinkni unutmagan”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Turkiyadagi vakili Erol Ondero’g’li.
Tinchlik elchisi
Buni ham ko'ring
Erdog’an turk matbuoti erkin ekanini aytarkan, jurnalistlar uning fikriga qo’shilmaydiIkki tilda chiqadigan “Agos” haftalik gazetasining asoschisi va bosh muharriri bo’lgan Dink turk va arman jamoalari o’rtasida tinchlikka chaqirgan. Murosa to’g’risidagi maqola va chiqishlari bilan u turk millatchilari nishoniga aylangan.
Jurnalistik karyerasi davomida Dink bir necha bor javobgarlikka tortilgan, jumladan 2005-yilda “turkiylikni omma oldida haqoratlaganlikda, kamsittganlikda” ayblangan.
O’limi vaqtida Dink 1915-yildagi voqealarni tasvirlashda “genotsid” so’zini qo’llagani uchun sudga tortilayotgan edi. AQSh va boshqa davlatlar Usmonlilar tomonidan armanlarning o’ldirilishi va deportatsiya qilinganini genotsid deb tan olgan. Turkiya genotsid ro’y berganini qat’iyan rad etadi.
Oy boshida Turkiya va Armanistonning maxsus elchilari o’zaro aloqalarni normallashtirish maqsadida Moskvada muloqot qilgan.
Adolat izlab…
2011-yilda Ogun Samast Xrant Dinkni qasddan otib o’ldirganlikda ayblanib, 23 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. O’shandan buyon uning o’limiga aloqadorlik gumoni bilan yana 76 kishi sudlandi.
2021-yilning martida esa Istanbul sudi yuqori martabali qator sobiq rasmiylar va politsiya xodimlarini qotillik va konstitutsiyani buzishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Turkiya hukumati hujum ortida Fathulla Gulenga aloqalar tarmoq turgani, aybdorlar jazoga tortilganini da’vo qiladi. AQShda yashayotgan sobiq imom Gulen bu da’volarni rad etgan.
Iqtidordagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi so’zlovchisi Umar Chelikning “Twitter” sahifasida yozishicha: “Xrant bu o’lkada qardoshlikni himoya qildi, tashqaridan xusumat olib kirishga uringanlarga qarshi turdi”.
Biroq Dinkning oilasi va hamkasblari qotillikda ishtirok etganlarning barchasi jazolanganiga ishonmaydi. 2021-yilning martida sudga apellyatsiya qilinib, tergovni davom ettirish so’ralgan.
“Jazosizlik davom etyapti. Xrant Dink ishi sudda tugagan bo’lsa ham, bizning e’tiborda. Uni nishonga olganlar, ularni gijgijlaganlar, uni o’ldirgan tuzilmalar jasozini olmaguncha kurash davom etadi”, - deydi Ondero’g’li.
Dink o’ldirilgan kuni yozgan maqolasida tahdidlar va sud ishlari tufayli o’zini “kabutardek bezovta” his etayotgani haqida yozgan.
“Kabutarlar hayotini shaharlar markazida, olomon orasida, shovqin-suronda o’tkazadi. Bezovta bo’lib, xavotir bilan. Lekin ular erkin yashaydi”, deb yozgan edi u.
Xotira marosimida Dinkning bevasi Rakel Turkiyada advokatlar, jurnalistlar va kurd siyosatchilarining hibsga olinishi haqida so’zladi.
“Umidni boy bermaymiz. Seni dafn etayotganda yangragan g’azab, isyon va e’tirozlar nidosi hamon o’chmagan va hech qachon o’chmaydi”, - deydi u.