Rossiya-Ukraina urushi g'alla bozorini izdan chiqarishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Global oziq-ovqat ta’minotida Ukraina muhim o’ringa ega. Rossiyaning ehtimoliy bosqini va Qora dengiz hududining Rossiya dengiz floti nazoratiga o’tishi Ukrainaning g’alla eksportiga jiddiy zarba bo’lishi mumkin.

Dunyodagi g’alla ta’minotining olti foizi Ukraina hissasiga to’g’ri keladi. Shu bois, agar Rossiya va Ukraina o’rtasida urush chiqsa, dunyo buning ta’sirini darhol sezadi, deydi oziq-ovqat bo’yicha ekspert Aleks Smit.

“Ukraina bug’doyiga eng ko’p qaram bo’lgan davlatlar bor. 2020-yilda Livandagi bug’doy iste’molining 50 foizini Ukraina qoplagan. Liviya va Yaman ham Ukraina bug’doyining yirik xaridorlari. Ularning har uchalasida oxirgi paytda ixtiloflar kuchaygan va allaqachon oziq-ovqat yetishmovchiligi hamda qimmatchilik bilan yuzlashmoqda”, - deydi u.

Agar g’alla ta’minotida uzilish yuz bersa, bu dunyo bozorida aks-sado beradi, deydi tahlilchilar.

“Ukraina Xitoy va boshqa yirik bozorlarga ham g’alla sotadi. Agar bu savdo-sotiqda uzilish bo’lsa, ta’siri darhol seziladi”, - deydi ekspert Luiza Gartner.

Buni ham ko'ring Bayden va Putin Ukraina masalasida uchrashishga rozilik bildirdi

Janubiy Amerikada qurg’oqchilik kuchayar ekan, dunyoning Ukraina kabi muqobil g’alla manbalariga qaramligi oshmoqda.

“G’allaning boshqa yirik ishlab chiqaruvchilari – Janubiy Amerika, Braziliya va Argentina. Ularda hozir qurg’oqchilik. Shundoq ham kelasi oylarda makkajo’xori va bug’doy tanqisligi yuz berishi kutilyapti. Agar import to’xtasa yoki muhim hududdan keladigan g’alla oqimi buzilsa, buning oqibati og’ir bo’ladi. Narxlar keskin oshib ketadi”, - deydi Gartner.

Smit fikricha, Ukraina g’allasidagi uzilish Rossiya uchun foyda bo’lishi mumkin, chunki Xitoy kabi xaridorlar Rossiyadan ko’proq sotib olishni boshlaydi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy yetakchisi Si Zinpin yaqinda Rossiyaning barcha hududlaridan Xitoyga bug’doy va arpa import qilishga ruxsat beruvchi kelishuvni imzoladi.

“Rossiya ham yirik g’alla ishlab chiqaruvchilardan biri. Qishloq xo’jaligi bo’yicha ulkan eksportyor. Rossiya-Ukraina ixtilofidan paydo bo’ladigan bo’shliqning bir qismini u to’ldirishga qodir”, - deydi Aleks Smit.

Tahlilchilar g’alla ta’minotida jiddiy uzilish yuz bermaydi, degan umidda. Aks holda nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda oziq-ovqat inqirozi yuz berishi ehtimoli yo’q emas.

Buni ham ko'ring Bayden: Putin Ukrainaga hujum qilishga qaror qilib bo’lgan