AQSh Afg'oniston bilan tijoriy aloqaga ruxsat berdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Moliya vazirligi Afg'oniston muassasalari bilan tijoriy aloqalarga ruxsat berib, shu paytgacha amal qilingan cheklovlarning ayrimlarini bekor qildi.

Lekin Amerika hukumati hamon Tolibon, Haqqoniy tarmog'i va ular bilan bog'liq deb ko'riladigan tashkilotlar va shaxslar bilan hamkorlikni man etadi.

Bu qaror Afg'onistonda biznes qiladigan AQSh kompaniyalari bilan muzokaralar mahsulidir. O'tgan oylarda Bayden ma'muriyati Afg'onistonda ishlaydigan va unga insonparvarlik yordami yetkazayotgan nohukumat sektorga ham shunday imkoniyat bergan edi.

Moliya vaziri o'rinbosari Volli Adeyemo:

"Afg'onistondagi inqirozga qarshi kurashish uchun shunday qarorga keldik, biroq Tolibon, Haqqoniy tarmog'i va boshqa yovuz tomonlarga qo'yilgan sanksiyalar hamon joyida".

Tolibonga nisbatan 1990-yillarda joriy etilgan iqtisodiy cheklovlar hali ham kuchda, ularga keyinroq yangilari qo'shilgan.

AQSh hukumat nazarida Tolibon va Haqqoniy tarmog'i global terror tashkilotlaridir. Ular shunday tamg'alangan va har qanday hamkorlik jinoyat hisoblanadi.

Buni ham ko'ring AQSh senatori: Afg'on xalqi, ayollari azob-uqubatiga befarq emasmiz


Afg'oniston ocharchilik domida ekan, Bayden ma'muriyati institutsional cheklovlarni olib tashlayapti.

"Afg'onlar och, sovuqda yanayam qiynalmoqda, biz tezlikda harakat qilib, madad ko'rsatishimiz kerak", - deya bildiradi Moliya vazirligi.

AQSh Afg'onistonga tegishli 7 milliard dollardan ziyod mablag'ni muzlatib qo'ygan.

Uning yarmini yaqinda Prezident Jo Bayden 2001-yilning 11-sentabrida jabr ko'rgan oilalarga berishni ma'qul topdi. Qolgani esa Afg'onistonga insonparvarlik ko'magi uchun maxsus fondga tashlanadi.

Tolibon buni qoralab, Vashingtonni afg'on xalqi pulini bermayotganlikda ayblagan.

Oq uyga ko'ra, muzlatilgan mablag' qanday ishlatilishi hamon muhokamada.

Bayden ma'muriyati afg'onlar uchun 780 million dollar ajratgan. Bu pul aynan gumanitar maqsadlar uchun sarflanadi.

BMT ogohlantirishicha, Afg'onistonda aholiga o'ta zarur yordam ko'rsatish uchun tashkilotga 5 milliard dollardan ziyod mablag' kerak.