Breaking News

Komilov: Tolibon Afg'onistonni terrorchilardan tozalamoqda


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Toshkent, 8-fevral, 2022 (Uzbekistan MFA)

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 8-fevral kuni Toshkentda Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan gaplashar ekan, Toshkentning Afg'onistonga nisbatan siyosatini tushuntirdi.

"Latviya NATO va Yevropa Ittifoqi doirasida Afg‘oniston bilan bog‘liq muayyan majburiyatlarga ega. Biroq o‘tgan yillar shuni ko‘rsatdiki, hatto ushbu majburiyatlar doirasida ham Latviya har doim oqilona, amaliy, puxta o‘ylangan, turli mafkuralardan xoli yondashuvni namoyon etib kelmoqda", - deydi Komilov.

"Bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi – ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Ya’ni, oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart va ular juda ko‘p".

Komilov deydiki, Toshkentning shartlari xalqaro hamjamiyat qo‘yayotgan talablar bilan hamohang.

"Boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerak. Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, ta’sir o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida ma’lumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, o‘zgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin".

O‘zbekiston bosh diplomati respublika eng og‘ir davrlarda ham Afg‘oniston bilan, u yerdagi turli siyosiy taraflar bilan aloqalarni to‘xtatmaganini aytadi.

Komilov ta'kidlashicha, hozirda savdo-iqtisodiy hamkorlik davom etayotgani, xususan energetika va transport sohasida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev rahbariyatiga ko'ra, Afg'onistonda hozirgi asosiy vazifa - Afg‘onistonda gumanitar halokatning oldini olish.

"Vaziyatning keskinlashishi jamiyatda radikallashuv, turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar, ektremizm kuchlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin", - deydi Komilov.

O‘zbekiston manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan bir xil, deydi rasmiy.

"Bu esa, ayni paytda qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda", - deydi Komilov.

"Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga, o‘z shartlarimizga amal qilinishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur", - deydi Komilov.

O‘zbekiston hukumati Afg'onistonga insonparvarlik yordami yetkazishda tashkiliy-texnik madad ko‘rsatayotganini eslatadi.

G'arb, xususan AQSh Afg'oniston xalqiga BMT orqali ko'maklashishni yo'lga qo'ysa-da, Tolibonga nisbatan siyosatini o'zgartirmagan. Harakat 2021-yilning avgust oyida hukumatga kelganidan beri va o'sha paytda AQSh qo'shinlari butunlay chiqb ketganidan keyin aloqa to'xtagan. Xalqaro tashkilotlar, xususan Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi ham bu davlatga mablag' uzatmay qo'ygan.

Vashington nazarida Tolibon Afg'oniston xalqini ezmoqda, inson huquqlari sistematik toptaladi, G'arb bilan hamkorlik qilganlar jazolanmoqda.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Tolibonni aholiga g'amxo'rlik qilishga undamoqda.

22 milliondan oshiq afg'onga zarur yordamni berish uchun 8 milliard dollar kerak, deydi Guterrish. BMT a'zo davlatlardan buning uchun moliya so'ramoqda.

Guterrish hukumatlarni Afg'onistonga nisbatan cheklovlarni qayta ko'rib chiqib, ko'mak berish uchun ayrimlarini bekor qilishga chaqirmoqda.

"Moliyaviy institutlar va tijoriy hamkorlarga gumanitar tashkilotlar bilan ishlashi uchun imkoniyat yaratib, ularni yuridik qo'llash lozim", - deydi Guterrish.

AQSh Afg'onistonga tegishli 9 milliard dollarni muzlatgan. BMTdagi elchi Linda Tomas-Grinfildning aytishicha, Tolibon boshqaruviga ishonch yo'q.

"Afg'oniston iqtisodiyotini tiklash uchun mustaqil, salohiyatli markaziy bank zarur. U xalqaro me'yorlarga javob berishi kerak. Hozirda Amerika bu bank faoliyatini tekshirmoqda", - deydi diplomat.

BMTning Afg'oniston bo'yicha vakili Debra Layns deydiki, Tolibon ayrim ijobiy qadamlar tashlagan, jumladan, daromadga asoslangan byudjet ishlab chiqilgan. Hukumat xodimlari maosh ola boshlagan, xususiy sektorga imkoniyatlar bermoqda. Mart oyida yangi o'quv yili boshlanadi, UNICEF yordamida maktablar qayta ochilishi kerak.

"Lekin inson huquqlari bilan bog'liq ahvol juda ayanchli", - deydi Layns. "Aholini qo'rqinch va tahdid orqali boshqarish yo'lga qo'yilmoqda. Aslida aksi bo'lishi kerak: xalq talablarini qondirish lozim, unga xizmat qilish kerak".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG