Respublikachilar: Bayden Amerikani olg'a surgani yo'q

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden Kongress va xalqqa murojaat qilmoqda. Kapitoliy, Vashington shahri, 1-mart, 2022.

AQSh rahbari Jo Bayden 1-mart oqshomida Kongress huzurida yillik hisobot berar ekan, davlat iqtisodiyoti mustahkam, yurt barqaror, hukumat xalqni qiynayotgan muammolarni hal etish bilan ovora, dedi.

Tashqi siyosat bobida Bayden asosan Ukrainadagi urush haqida gapirdi. Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukraina xalqi qonini to'kayotganlikda, xalqaro qonunlarni buzayotganlikda, erkin dunyoga tahdid solayotganlikda aybladi.

Prezident hisobotiga muxolifat nomidan munosabat bildirar ekan, yetakchi respublikachilardan biri, Ayova shtati gubernatori Kim Reynolds deydiki, Bayden davrida Amerika olg'a siljimadi.

Buni ham ko'ring Bayden: Amerika va ittifoqchilari Putinning adabini beradi

"Aksincha, biz orqaga yurdik. Hozirgi Amerika 1970-80-yillarga xos muammolardan qiynalmoqda. Inflyatsiya yuqori, narxlar oshib bormoqda, mehnatkashlar maoshini yetkazishga qiynalmoqda", - deydi Reynolds.

62 yoshli siyosatchi partiyadoshlarining azaliy tanqidlarini takrorladi. Reynolds fikricha, liberal siyosat AQShni hech qachon taraqqiyotga yetaklamagan.

Demokratlar boshqaruvi ostida, deydi u, soliq, immigratsiya, adliya, xavfsizlik, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi muammolar yechilmayapti.

"Oq uy, bizning nazarimizda, barcha muammolarga ko'z yumayotgandek. Prezident va'dalarining ustidan chiqmayapti".

Kim Reynolds, Ayova shtati gubernatori

Koronavirusga qarshi kurashda taqiqlarga qarshi chiqqan gubernator prezidentni pandemiya davrida Amerikani falaj ahvolga solganlikda aybladi.

Buni ham ko'ring Bayden Kongressga: Putin yakkalandi

"Amerikaliklar mehnat qilishni, faol bo'lishni, erkin harakat qilishni xohlaydi. Prezident Bayden ularga zarur sharoit yaratish o'rniga, cheklovlarga zo'r berdi", - deydi Reynolds.

Gubernator majburiy emlanishga qarshi chiqib, o'quvchi va talabalarga niqob taqishni buyurishga monelik qilgan.

Reynolds ko'plab respublikachilar qatori Ukrainadagi urushning oldini olish mumkin edi, deb hisoblaydi.

Bayden ma'muriyati Kremlga qarshi axborot urushiga berilmay, sanksiyalarni urush xavfini aniqlashi bilanoq qo'llashi kerak edi, deya bahslashadi ular.

Amerika hukumatiga ishonch va hurmat past, deydi Reynolds, chunki uni samarali boshqaruv sifatida ko'rishmaydi, mamlakatning o'zida va xorijda.

Oq uyga ko'ra, respublikachilarning muammolarga konkret yechimlari bo'lsa, Kongressda muhokamaga qo'yib, demokratlar bilan murosa qilishi kerak.