Mariupolda hayot-mamot uchun kurash

Yaqingacha yarim million odam yashagan Mariupol bugun vayrona

Ukraina-Rossiya urushining 54 kunida Mariupol mojaroning eng qaqshatqich nuqtasiga aylangan. Rossiya armiyasi bir oydan oshiq qamalda ushlagan bu shaharda ukrain harbiylari taslim bo’lish talabini yana rad etishgan.

Rossiya harbiylariga ko'ra, Mariupolda ukrain askarlarining bir qismi asir tushgan, yana bir qismi yo’q qilingan, boshqa bir guruhi mudofaani davom ettirmoqda.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy deydiki, ukrain jangchilari Rossiya tomonidan yo’q qilingan taqdirda tinchlik muzokaralariga nuqta qo'yiladi.

Kiyev Mariupolda qancha askar asirga ekanini bildirmagam. Ammo shahardagi harbiy qism taslim bo’lishni rad etgani haqidagi bayonot bergan.

Harbiy mutaxassislar Mariupolning qamaldan ozod etish ehtimolini "juda qiyin" deb baholashadi. Shahar yaqin kunlarda mutlaq ishg’ol qilinishi mumkin.

Mariupol mudofaasi Rossiya armiyasiga ayovsiz qarshilik ko’rsatayotgan ukrain armiyasi timsoliga aylangan. Urushgacha yarim million aholi yashagan, yirik portlarga ega bu shahar bugunga kelib mutlaqo vayron qilingan. Ukraina hukumati nazarida Mariupol shahar sifatida Rossiya tomonidan yo’q qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina: "Mariupol aslo taslim bo'lmaydi"

Shaharda 100 mingdan oshiq aholi qolgani, gumanitar inqiroz hukmron ekani ta’kidlanadi.

Mariupolning mutlaq olinishi o’z kuchlarini Ukraina sharqiga yo’naltirgan Rossiya armiyasining dastlabki yirik g’alabasi sifatida taqdim etilishi mumkin.

Front ayni paytda Donbassga ko’chgan, ammo Ukraina hududi bo’ylab raketa zarbalari tinmayapti.

18-aprel kuni Lvovda harbiy inshootlar nishonga olingan. Olti kishi o’lgani, o’ndan oshig’i jarohatlangani haqida xabarlar bor.

Kiyevda havo mudofaasi ancha kuchli ekanligiga qaramasdan, hujumlar to'xtamagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Kievdagi markaziy qo’mondonlik bo’limlari nishonga olingani haqida bildirgani nazarda tutilsa, frontning Donbassga ko’chishi Ukrainaning boshqa shaharlarini xavfdan xoli qilmaydi.