Breaking News

O’zbekiston Bucha qirg’ini bo’yicha tergov lozim, deya BMTda qarshi ovoz berdi


Ukrainadagi urushning hozirgacha bo’lgan eng vahshiy nuqtasi Bucha shahrida kuzatildi. Ukraina hukumati Bucha aholisi rus qo’shinlari tomonidan qirg’in qilinganini ta’kidlamoqda.

Rossiya qirg’in da’vosini inkor etdi, sahnalashtirilgan tomosha deb atadi. Shunday qarashni Yevropadagi liderdan biri ham bildirgan. Ukraina matbuoti bu Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ekanligini ehtimol qiladi.

Bucha qirg’iniga O’zbekiston munosabati qanday?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:59 0:00

Bu shubhalardan qat’i nazar aksariyat davlatlar Rossiyani BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligidan chiqarishdi. Rossiyani kengash a’zoligidan haydashga qarshilar ham bor, jumladan O’zbekiston.

BMTdagi doimiy vakil Baxtiyor Ibragimov O’zbekiston qarshiligini inson huquqlari keskin toptalishiga doir Ukrainadagi holatlarning jiddiy, mustaqil surishtiruvga muhtojligi bilan izohladi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham shunga yaqin pozitsiyada. Ular ham inson huquqlari keskin buzilgan, aniqrog’i Ukraina tomoni ommaviy qirg’in, harbiy jinoyat sifatida ta’kidlayotgan holatlar o’rganilishi, surishtiruv o’tkazilishi lozim deb hisoblashmoqda.

Rossiyani inson huquqlari kengashi a’zoligidan chiqarish masalasi BMT majlisida Bucha qirg’ini ortidan muhokamaga qo’yildi. Aksariyat davlatlar Rossiyani kengashdan chiqarishni yoqlab ovoz berishdi.

Bucha - urushning dastlabki kunlarida Rossiya armiyasi tomonidan egallangan shaharlardan. Kiyevni egallash uchun kechgan og’ir janglar davomida ukrain armiyasi Buchadan siqib chiqarilgan edi.

Rossiya Kiyev yo’nalishidan chekinganidan so’ng Bucha yana Ukraina nazoratiga qaytdi. Bu yerda dahshatli qatliom kuzatilgani, odamlar ommaviy qabrlarga ko’milgani Ukraina armiyasi shaharga kirishi ortidan yuzaga chiqdi.

“Amerika Ovozi” ommaviy qirg’in sodir etilgani ta’kidlanayotgan Bucha shahrida, otib tashlangan tinch aholi ko’mib yuborilgani aytilayotgan ommaviy qabrlardan birida bo’ldi.

Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, shaharda shu kabi bir nechta ommaviy qabrlar topilgan, Buchada o’ldirilgan tinch aholi soni 300 dan oshiq. Ayni paytda bu qabrlardan jasadlarni kovlab olish, ularning shaxsini, o’lim sabablarini aniqlashtirish ishlariga kirishilgan.

Rossiya o’z qo’shinlarini Kiyev viloyatidan olib chiqdi, ammo hudud, xususan, Bucha ham xavfsiz emas. Ukraina armiyasi ko’chalarni, ijtimoiy obyektlarni Rossiya armiyasi qoldirib ketgan minalardan, boshqa portlovchi jismlardan zararsizlantirmoqda.

So’nggi vaziyatga ko’ra, Kiyev viloyatining boshqa shaharlari, aholi punktlarida ham tinch aholi qirg’ini kuzatilgani, ommaviy qabrlar topilganiga doir xabarlar yuzaga chiqmoqda.

Rossiya ishg’oli ostida bo’lgan Kiyev viloyatidagi shaharlarda bedarak yo’qolgan fuqarolar soni 1500 atrofida ekaniga doir ma’lumotlar mavjud. Bu raqamlar, xususan, bedarak yo’qolgan fuqarolar taqdiriga oydinlik kiritilishi Ukrainadagi harbiy jinoyatlar miqyosini yanada yiriklashtirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG