XVF: O'zbekistonda iqtisodiy o'sish sustlashgan, lekin islohotlar to'xtamasin

O'zbekistonda bu yil, Xalqaro valyuta fondi taxminicha, iqtisidiy o'sish 3-4 foiz orasida bo'ladi. Ukraina urushidan oldin bu taxmin 6 foiz edi.

Vashingtonda Markaziy Osiyo bo'yicha o'ziga xos tahlili bilan tanilgan Fred Starr mintaqa hukumatlarini oqlab, avtoritar rahbarlarga yaqinlikda tanqid qilinadi. Uning yetakchiligidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti uzoq yillardan beri faoliyat yuritib, dolzarb mavzularda forumlar o'tkazib turadi. 25-kuni Starr Xalqaro valyuta fondining ikki eksperti bilan virtual muloqot olib bordi.

"Ukrainadagi urush, G'arbning Rossiyaga sanksiyalari va boshqa global jarayonlar mintaqa uchun ham sharoitni yanada og'irlashtirar ekan, odamlarga xolis tahlil zarur, xolis izlanish va hisobotlar", - deydi Starr.

Uning fikricha, bunday ma'lumotlarni beradigan oz sonli tashkilotlardan biri - Xalqaro valyuta fondi.

Fondning O'zbekiston missiyasi boshlig'i Rob van Vuden professorning gaplarini ma'qullaydi, ammo tashkiloti hukumatlar bilan hamkorlikda ishlashini qayd etadi.

"Biz aprel oyida Toshkentda O'zbekiston rasmiylari bilan gaplashib keldik. Yuzma-yuz so'zlashish, vaziyatni borib o'rganish - bag'oyat foydali".

Buni ham ko'ring Iqtisodi Rossiyaga tobe Markaziy Osiyo unga qarshi sanksiyalar ta'siri ostida

Vuden Ukrainada ham ishlagan. Urush tizimni vayron qilgan, deydi u, mamlakatni qayta qurish kerak bo'ladi.

"Ukraina kuchli markaziy bankka va moliya vazirligiga ega edi. Taraqqiyot yo'lida ulkan muammolar bor edi. Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishi lozim edi".

Hozirda esa Ukraina hayot-mamot uchun jang qilmoqda. Bu urushni boshlagan Rossiya qator sanksiyalar ostida. U bilan biznes hamkorligi keng mamlakatlar, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarida o'sish sekinlashib, inflyatsiya oshib bormoqda.

Shu kungacha olib borilgan iqtisodiy-moliyaviy islohotlarga qaramay, deydi Vuden, Ukrainadagi mojaro oqibatlari yangi va serqirra choralar talab qiladi.

Fondga ko'ra, O'zbekistonda har olti xonadondan ikkisining 20-30 foiz daromadi Rossiyada topilgan mablag'ga to'g'ri keladi.

O'zbekiston import qiladigan mahsulotlarning 20 foizi Rossiyadan, eksport qiladigan tovarlarning kamida 12 foizi esa Rossiyaga.

Respublika energetika va konchilik sohalaridagi loyihalarga kapital Rossiya banklaridan yoki ular bilan bog'liq tizimlardan kelishi kerak. Ayrimlariga muqobil manbalar topilgan, qolganlari esa muammoli vaziyatda.

Oziq-ovqat va yonilg'i narxi oshib bormoqda, bu esa aholining turmush darajasini tushiradi.

Inflyatsiya darajasi bu yil 12 foizga yaqin bo'ladi. Xalqaro valyuta fondi taxminicha, O'zbekiston iqtisodi 2022-yilda 3-4 foizga kengayadi. Ukrainadagi urushdan oldin 6 foizda bo'lishi kutilayotgan edi.

Xo'sh, nima qilmoq zarur?

"Qisqa muddatda makro-iqtisodiy choralarga e'tibor qaratish kerak. Inflyatsiyani jilovlashga harakat qilish lozim. Qashshoqlikka qarshi kurashib, yo'qsillikdan qiynalayotgan oilalarga yordam berish kerak", - deydi Vuden.

Buni ham ko'ring XVF: Rossiyadagi inqiroz Markaziy Osiyoning har bir davlati uchun sinov

Chetdan kelayotgan daromadi ozaygan va narxlar oshgani uchun yanayam murakkab ahvolda qolgan xonadonlarga ahamiyat qarating, deya undaydi mutaxassis.

Byudjetdagi 3 foizli kamomad, uning tushuntirishicha, bu yil 4 foizga chiqadi, chunki hukumat yangi xarajatlar qilishga majbur.

Vuden nazarida O'zbekiston Markaziy banki "qat'iy va to'g'ri qarorlar" qilmoqda. Ammo mamlakat bozor iqtisodiyotiga o'tishni boshladi, deydi ekspert, shuningdek, pandemiya strukturaviy islohotlarni sekinlashtirdi.

"Hozirga kelib, bu islohotlarni jadallashtirish zarur. Hukumat buni tushunadi", - deydi Vuden.

O'zbekiston 2030-yilga borib taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kirmoqchi ekan, deya eslatadi u, dadilroq qadamlar tashlashi kerak.

Boshqa ko'plab mutaxassislar singari Vuden ham xususiy sektorda rivojlanish sust ekaniga urg'u beradi. Chunki unda davlat ulushi hamon salmoqli va davlat kompaniyalariga beriladigan imtiyozlar bozor iqtisodining beliga tepadigan omillardir. Raqobat adolatli emas.

Xususiylashtirish juda qiyin jarayon, deya tan oladi Vuden, ammo uni eplay olmagan tizim real taraqqiyotga erisha olmaydi.

To'g'ridan-to'g'ri investitsiya ko'lami hamon oz, deydi ekspert, bizneslar aksariyat hollarda qarz evaziga ishga tushiriladi, ularning manbalari ham murakkab.

"Bilamizki, O'zbekiston hukumati davlatning iqtisoddagi rolini kamaytirishni xohlaydi. Bizga shunday deyishadi. Biroq hozirgacha iqtisod asosan davlat ulushi bilan tebratilayotganiga guvohmiz".

Bu borada O'zbekiston ko'plab davlatlardan, xususan u singari o'tish davrini boshdan kechirayotgan mamlakatlardan orqada, deydi Xalqaro valyuta fondi vakili.

O'zbekistonda bu yil xususiylashtirish to'g'risida yangi qonun qabul qilinishi kutilmoqda. U vaziyatni qanchalik o'zgartiradi? Bu ham islohot bo'lsa, demak, jadal amalga oshirilishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyoda iqtisod yanada og'irlashishi kutilmoqda

Xalqaro valyuta fondining yana bir ko'zga ko'ringan eksperti Subir Lall deydiki, iqtisodni diversifikatsiya qilish, sohalarni rang-baranglashtirish - rivojlanishning muhim shartlardan biri.

"Gruziya shu yo'ldan bordi va muvaffaqiyatlarga erishdi. Lekin geografik joylashuvda ham gap ko'p. Portlardan uzoqda bo'lish har qanday mamlakat uchun taraqqiyotni yanayam qiyinlashtiradi", - deydi u.

Biroq, deydi Lall, bugungi dunyoda savdo faqat yo'llar va transportga bog'liq emas. Ilg'or texnologiya har kuni insoniyat uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratmoqda, deydi u. Shunga qaramasdan mutaxassis infrastruktura zaruratini past baholamaydi.

Vuden fikricha, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti Rossiyaga bog'liqlikdan qutulishi, agar shuni xohlasa ham, juda mushkul. Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya astalik bilan yo'lga qo'yilmoqda.

Mintaqadagi mutaxassislar nazarida esa hukumatlar hamon o'z davlatining boshqalardan farqlariga ko'proq urg'u beradi, o'zaro manfaatlar va o'xshashliklarga emas. Tojikiston va Qirg'iziston kabi iqtisodi qo'shnilarga qaraganda bir necha katta kichik mamlakatlarning uyg'unlashish tushunchasiga qiziqishi past.

Lall deydiki, Jahon banki va Xalqaro valyuta fondining bahorgi va kuzgi uchrashuvlarida Markaziy Osiyo va Kavkaz hukumatlarining a'zolari uchun muhokama davralari tashkil qilinadi. Maqsad - ular tajriba almashsin, saboqlar bilan bo'lishsin, xususan raqamli texnologiyaga o'tish mashaqqatlari va inflyatsiyaga qarshi kurash borasida.

Afg'oniston ham bu muloqotlarning bir qismiga aylana boshlagan edi, ammo Kobulda Tolibon hokimiyatga kelganidan beri bu davlat dunyodan uzilib qolgan.