Breaking News

Markaziy Osiyo: Iqtisodiy o'sish emlanish sur'atiga bog'liq


Qozog'iston bozorlarida

2021-yilning birinchi choragida O'zbekiston iqtisodiyoti 3 foizga o'sgan, xususan sanoat, xizmatlar, qishloq xo'jaligi va savdo sektorlari oldinga siljigan. 2020-yildagi o'sish mamlakatda 1,6 foizni tashkil etgan. Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining aksariyatida bu davrda o'sish kuzatilmagan.

Xalqaro Valyuta fondi (XVF) taxminicha, O'zbekiston iqtisodiyoti joriy yida 5 foizga, 2022-yilda esa 6 foizga kengayadi.

Jahon banki taxminicha esa sal pastroq - 4,3 foiz bu yili, 4,5 foiz kelasi yil.

Respublika Markaziy bankiga ko'ra 2021-yilda yalpi milliy daromad 4,5-5 foiz orasida oshishi kerak.

2020-yilda, ya'ni koronavirus pandemiyasi avj olgan pallada, O'zbekistonda yuqori o'sish moliya va sug'urta, sog'liqni saqlash, maishiy xizmatlar va ko'chmas mulk sohalarida bo'lgan.

Vaholanki, xalqaro tashkilotlar nazarida, bular aslida eng qoloq sektorlardir. Xususiylashtirish jarayoni ish bersa, deydi ekspertlar, yaqin yillarda bu yo'nalishlarda progress bo'ladi.

XVF va Jahon banki O'zbekiston hukumatini xususiy sektor uchun imkoniyatlarni kengaytirish va iqtisodda o'z rolini pasaytirishga undab keladi.

Qurilish sohasida 2020-yilda 9,2 foiz o'sish kuzatilgan. Bunda davlat imtiyozlari muhim rol o'ynagan, jumladan sement importiga qo'yilgan 30 foiz soliqning 1-apreldan 1-oktabrgacha bekor qilingani.

XVFda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo'yicha direktor o'rinbosari Subir Lall deydiki, ko'p narsa vaksina ta'minoti va emlanish sur'atiga bog'liq.

"Agar mintaqada bu borada siljish bo'lsa, ya'ni koronavirusga qarshi emlanish tezlashsa, iqtisod ham shunga yarasha harakatlana boshlaydi. Hozircha respublikalarda bu masalalar ancha sust", - deydi Lall.

Nikolas Blancher, Xalqaro Valyuta fondida Markaziy Osiyo bilan bevosita ishlaydigan yetakchi mutaxassis, Qozog'iston misolida buni yaqqol ko'rayotganini aytib, nafaqat bu mamlakatdagi emlanish darajasi, balki qo'shni davlatlar hamda ularning biznes sheriklaridagi vaziyat ham muhim omillar ekanini eslatadi.

"Pandemiyadan chiqish uchun tashlanayotgan qadamlar boshqa qarorlar bilan hamohang bo'lishi lozim. Qarorlar mutanosibligi nihoyatda muhim", - deydi Blancher.

Markaziyo Osiyo-Kavkaz instituti onlayn forumi, Vashington, 19-may, 2021
Markaziyo Osiyo-Kavkaz instituti onlayn forumi, Vashington, 19-may, 2021

Vashingtondagi Markaziy Osiyo-Kavkaz institutidan ekspert Svante Kornell tahlilicha, O'zbekiston va Qozog'istonda rahbarlar ulkan islohotlar va'da qilgan va qog'ozda iqtisodiyotni ko'tarish uchun katta qadamlar tashlanayotgani iddao qilinadi.

"Ammo amalda boshqaruv o'z vazifa va maqsadlarini ko'zlanganidek amalga oshira olmayapti", - deya kuzatadi Kornell. "Islohotlar sust".

Subir Lall fikricha, asosiy muammo nima qilinib-qilinmayotganida emas, balki qanday qilinayotganida. Qarorlarni amalga oshirishda qiynalishmoqda, deydi ekspert, hukumatlar bu borada ko'makka muhtoj.

Lekin O'zbekistonda hukumat iqtisodiy islohotlarni aynan xalqaro tavsiya va yo'riqnomalar asosida qilayotganini bildiradi.

Xalqaro Valyuta fondi mutaxassislariga ko'ra, tashkilot O'zbekiston va qo'shnilariga korrupsiyaga qarshi kurash, shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, iqtisodni xilma-xillashtirish yo'lida madad ko'rsatmoqda.

"Mas'ullarni yangilash, boshqaruvda odamlarni o'zgartirish bilangina masalalar hal bo'lmaydi, deydi Lall, "iqtisodiy progress barcha jabhalarda oldinga siljishni talab qiladi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG