AQSh Alyaskadagi harbiy bazasida eng ilg’or mudofaa tizimlarini joylashtirgan

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Aylson bazasida, 24-iyul, 2021

Rossiyaning Ukrainadagi urushi beshinchi oy davom etmoqda. NATOning sharqiy hududlarini himoya qilish uchun AQSh Yevropaga ko’proq qo’shin jo’natgan. Rossiya va Xitoy tahdidi bois AQSh nigohini nafaqat sharqqa, balki shimolga ham qaratmoqda.

Mayor Lloyd Rayt F-16 qiruvchi samolyotida Alyaska osmoni uzra yetti yildan beri parvoz qiladi.

“Dunyoning ko’p qismlarida uchganman, lekin bu sayyoramizdagi eng xushmanaza joylaridan biri”, - deydi u.

Harbiylarga ko’ra, bu strategik havo hududi. Qutb doirasidan qiruvchi samolyotlar bitta parvozda shimoliy yarim sharning istagan nuqtasiga yetib borishi mumkin.

“Buni Alyaska yuqorida joylashgan oddiy xaritaga qarab tushunish qiyin. Ammo globusga qarasangiz, Shimoliy yarim shardagi hamma joyga yaqin ekanimiz ayon”, - deydi polkovnik Deyvid Berklend.

Your browser doesn’t support HTML5

Alyaska: “Strategik havo hududini” himoya qilayotgan aviabaza

Shimoliy Muz okeanining narigi tomoni – Yevropa. Alyaska va Rossiya orasi 100 km ham chiqmaydi. Tinch okeanining narigi tarafi – Osiyo.

Bir necha yil oldin Pentagon Alyaskadagi Aylson harbiy bazasini yopishni rejalagan edi.

“Alyaska iqlimi va atrof-muhit bilan bog’liq faktorlar sababli bazani yuritish qimmat deyishgandi. Katta o’zgarishlar taklif qilishdi”, - deydi harbiy tahlilchi Simus Daniels.

“Florida shtatidan ham kattaroq bazani yopmoqchi bo’lishdi”, - deydi senator Den Sallivan.

Aylson harbiy-havo bazasi yaqinidagi Feyrbenks shahri aholisi rejaga qarshi chiqdi. Mustaqil komissiya ham taklif qilingan o’zgarishlarni tasdiqlamadi.

“Xulosa shuki, kutilgan miqdorda mablag’ tejalmas ekan. Komissiya Aylson muhim baza ekanini qayd etgan, chunki parvozlar uchun qulay va yirik komplekslarga ega”, - deydi Daniels.

Bazani kichraytirish kutilgan natijani bermagach, F-16 samolyotlarini shu yerda qoldirishga qaror qilindi. Bundan tashqari, F-35 samolyotlaridan iborat ikkita yangi eskadron ham qo’shildi.

Ushbu jangovar samolyotlar qiymati taxminan 5 milliard dollar. Uchish-qo’nish yo’laklari va qo’shimcha angarlar qurish, yoqilg’i tankerlarini ko’paytirish, umuman modernizatsiya uchun yana 600 million dollar sarflandi.

“Baza juda band. Kuniga 20 daqiqa sukunat bo’lishi mumkin, qolgan payt shovqin”, - deydi mayor Lloyd Rayt.

Bazaga oxirgi ikkita yangi samolyot aprelda yetkazildi. Ayni vaqtida, deydi senator Sallivan.

“Rossiyaning samolyotlari AQSh havo sarhadlariga yaqinlashganda, ularni haydab chiqarish uchun F-22 samolyotlarini uchiramiz. Ular o’zini agressiv tutayapti. Hozirgi avtoritar agressiya davrida Xitoy va Rossiya rahbarlari Zinpin va Putin faqatgina kuch bilan javob bersangiz tushunadi”, - deydi senator.

Hozirda Aylson bazasi va Alyaska poytaxtida F-22 va F-35 rusumidagi yuzdan ortiq 5-avlod qiruvchi samolyotlari joylashtirilgan. F-35 Sharqiy Yevropa bo’ylab razvedka missiyalarida ham qo’llanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Aylson – olis Alyaskadagi strategik harbiy baza

Alyaskada qishda harorat bu yerda minus 45 daraja bo’lishi mumkin. Yozda esa 25-30 daraja issiq.

“Texnikamiz barqaror ishlab turishini ta’minlash qiyin, chunki ekstremal haroratga mo’ljallanmagan”, - deydi polkovnik Styuart Vilyamson.

Ammo sovuqqa chidab beradigan texnika ham bor – ulkan superkompyuterlar.

“Bu samolyotlarni superkompyuterlar, deymiz. Ular uchun sovuq harorat muammo emas. Lekin sovuq havo boshqa muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, samolyotlarni parvoz maydonida bir joydan ikkinchi joyga ko’chirish, texnik xodimlarning tashqarida bo’lishi. Bu sovuqda metallga ham tegish oson emas”, - deydi serjant Brayan Bakolts.

Minus 28 daraja sovuqda baza ishchilari tashqarida 10 daqiqa ishlaydi, so’ng ichkariga kirib 50 daqiqa isinishga sarflaydi.

“Xullas, bir kishi qila oladigan bir soatlik ishga oltita odam kerak”, - deydi serjant.

Bahor va yozning o’z muammolari bor. “Amerika Ovozi” tashrifi chog’ida eriyotgan qor natijasida bazaninng bir qismini suv bosdi va nasoslar ishga tushib ketdi.

Omborxonada F-35 samolyotlari uchun 100 mingdan ortiq ehtiyot qismlar.

“Havo kuchlarida men qilgan eng murakkab ishlardan biri bu – logistika. F-35 samolyotlaridan Arktikada foydalanishning qiyin jihatlari bor”, - deydi leytenant Adam Starki.

AQSh Harbiy-havo kuchlarining otasi hisoblanmish Vilyam Mitchellning 1935-yilda aytgan bir gapini Aylson bazasida hamma biladi. “Kimki Alyaskani egallasa, u dunyoni egallaydi”, - degan edi general.

Shimoliy qutbda turli davlatlar harbiy va iqtisodiy faolligini oshirar ekan, AQSh bu strategik hududda eng ilg’or mudofaa tizimlarini joylashtirgan.