HRW: Qoraqalpog'istonda qiynoqlarga yo'l qo'yilmasin

  • Amerika Ovozi

Qoraqalpoq yoshlari vatani bilan bog'liq qonunlar o'zgarmasin, deya undamoqda. 1-iyul kuni Telegramdagi Makan.uz kanalida chiqqan videolardan biridan olingan tasvir.

Qoraqalpog'istonda 18 kishi halok bo'lib, 240 dan oshiq odam jarohatlangan g'alayonlar ochiq va mustaqil tekshirilishi kerak, deya undamoqda inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti.

"Uzoq yillardan beri O'zbekistonda bu qadar qonli voqealarga guvoh bo'lmaganmiz", - deydi Hyu Uilyams, HRW mintaqaviy direktori.

"O'zbekiston hukumati endigi jarayonlarga qanday yondashishi Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun sinov. Mamlakat qanchalik olg'a siljiganini hukumat inson huquqlari va qonun ustuvorligini naqadar hurmat qilishidan bilib olamiz".

1-iyul kuni avj olgan namoyishlarida qoraqalpoqlar O'zbekiston bosh qomusida o'lkaga doir moddalar o'zgartirilayotgani, jumladan Qoraqalpog'iston suveren respublika degan jumla olib tashlanganiga qarshi chiqdi.

Namoyishlar zo'ravonlikka aylanib, 1-2 iyul kunlari xavfsizlik xodimlari bilan to'qmashuvlar kuzatilgan. Namoyishchilar militsiya, Milliy gvardiya va maxsus kuchlarni huquqbuzarlikda ayblasa, hukumat g'azabga to'lgan ommani tartibsizliklar va buzg'unchilikda qoralamoqda.

Buni ham ko'ring Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog'istondagi voqealarni ochiq va mustaqil tekshirishga chaqirmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarni to'ldirgan videolarda har ikki tomon qon to'kayotgani aks etadi. Mirziyoyev ma'muriyati jamoatchilikni Telegram va boshqa platformalardagi tasvirlarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Ulardan birida Qoraqalpog'iston parlamentiga hujum qilingani ko'rsatiladi.

2-iyul kuni Prezident Mirziyoyev Nukusga borib, mahalliy qonunchilar bilan muloqot qildi. Qoraqalpoq xalqiga murojaat qilar ekan, aholi rozi emas ekan, bosh qomusda respublikaga tegishli moddalar o'zgarmaydi, dedi.

4-iyul kuni Mirziyoyevning bu taklifini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma'qulladi.

Xalqaro hamjamiyat, jumladan O'zbekistonning qo'shnilari, yaqin va uzoq davlatlar Toshkentning qadamlarini olqishlamoqda.

Hukumat hisobotlariga ko'ra, Qoraqalpog'iston hozir tinch, harakat cheklangan, Bosh prokuratura tergov ishlarini davom ettirmoqda, 300 dan oshiq hibsdagi fuqaroning ishi birma-bir ko'rib chiqiladi.

Yevropa Ittifoqiga ko'ra esa voqealar mustaqil tergov qilinishi kerak. HRW bu chaqiriqqa jo'r bo'lib, ommaviy axborot vositalari uchun yo'l ochilsin, internet aloqa tiklansin, deya undamoqda.

Qoraqalpog'iston suveren respublika bo'lib qolsin, deb chiqqan fuqarolar. 1-iyul, 2022.

"O'zbekiston o'nlab yillardan beri kuchli avtoritar tuzum ostida yashaydi. Inson huquqlari azaldan og'ir ahvolda. Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyatga kelganidan beri siyosiy mahbuslarga erkinlik berib, paxta dalalarida majburiy mehnatga chek qo'yib, qator ijobiy qadamlar tashladi. Ammo O'zbekistonda sud hamon mustaqil emas, xavfsizlik kuchlari qiynoq usullaridan voz kechmagan va ularning bunday ishlari deyarli tekshirilmaydi", - deydi Uilyamson.

HRW O'zbekiston rahbariga uning xatti-harakatlarini dunyo kuzatib turganini eslatmoqda.

Buni ham ko'ring Rasman: Qoraqalpog'istondagi g'alayonlarda 18 fuqaro o'lgan, 516 kishi ushlangan

"Qoraqalpog'istondagi notinchlik - Prezident Mirziyoyev uchun eng katta imtihon", - deydi Uilyamson.

O'lkada bir oy favqulodda holat hukmron ekan, fuqaro huquqlariga qo'yilgan har bir cheklov aniq asoslanishi zarur, deydi ekspert. Qiynoqlar hatto bunday vaziyatda ham taqiqlanadi.

Tashkilot hukumat asosan namoyishchilarni qoralayotganidan bezovta. Unga ko'ra, tizim o'z qilmishlari uchun javob berishi kerak, ya'ni xavfsizlik organlarining qora ishlari ham fosh etilishi lozim.

HRW O'zbekiston hukumati huquq va erkinliklarga yangicha, mas'uliyatliroq munosabatda bo'ladi, degan umidda.