AQSh Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqayapti

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi neft eksport qiluvchi davlatlar guruhi (OPEK+) neft qazib olishni kamaytirishga kirishar ekan, AQSh rahbari Jo Bayden Riyodni “oqibatlar” haqida ogohlantirmoqda. Baydenning partiyadoshlari, demokratlar qirollik bilan hamkorlikni muzlatishga undamoqda.

Vashington Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarini qayta ko’rib chiqmoqda. Oq uy rasmiylariga ko’ra, neft ta’minotini kamaytirish to’g’risidagi qaror narx oshishiga, bu esa OPEK+ a’zosi, Ukrainada qariyb sakkiz oydan beri urush olib borayotgan Rossiyaga o’z g’aznasiga to’ldirishga yordam beradi.

Qurol savdosi

AQSh Senatida Riyodga qurol sotishni bir yil muddatga to’xtatish bo’yicha qonun loyihasi muhokamada. Bu hujjatga ko’ra, ehtiyot qismlar, ta’mirlash va logistik xizmatlar ham to’xtatiladi.

Buni ham ko'ring Bayden ma'muriyati neft narxi oshishiga qarshi kurashmoqda

Biroq Vashington Yaqin Sharqdagi azaliy ittifoqchisiga nisbatan noroziligini qay darajada namoyish etishga tayyorligi noma’lum. Prezidentlikka saylanganida Bayden Saudiyadagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat tufayli bu mamlakat bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqishga va’da bergan bo'lsa-da, yozda Riyodga tashrif buyurdi.

“CNN” telekanali bilan intervyuda Bayden Kongress bilan bamaslahat ish tutishini ta’kidladi, qurol sotishni to’xtatish haqidagi takliflarga izoh bermadi.

“Ular Rossiya bilan qilgan ishlarining oqibatlari bo’ladi. Bu choralar nimadan iborat bo’lishiga to’xtalmayman. Oqibatlar bo’ladi”, - dedi AQSh prezidenti.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, Bayden “munosabatlarga qayta baho berish, ular AQSh xavfsizlik manfaatlariga xizmat qilishiga ishonch hosil qilish vaqti keldi” degan fikrda.

Bu ish qancha vaqt davom etishi ma’lum emas. Oq uyda bu masala bilan shug’ullanuvchi maslahatchi tayinlanmagan.

Ayni paytda rasmiylar Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdagi xavfsizlik bilan bog’liq muammolarni hal qilishda muhim rol o’ynashini ham ta’kidlaydi.

AQSh Senatining tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Robert Menendez OPEK+ neft qazib olishni kamaytirib, Rossiyaning urushiga yordam berishga harakat qilayotganini tanqid ostiga oldi. Senator vakolatlaridan foydalanib, saudiyaliklarga qurol sotishni to’xtatishini aytmoqda.

Kirbining ta’kidlashicha, Menendez bunday bayonot bilan chiqishi haqida Oq uyni ogohlantirmagan.

Global iqtisod

Rossiya va Saudiya Arabistonini o’z ichiga olgan OPEK+ o’tgan hafta kunlik ishlab chiqarishni 2 million barrelga qisqartirishini e’lon qildi. Buning ketidan neft narxi ko’tarila boshladi. Neft qimmatligi Rossiyaga Ukrainadagi urushni davom ettirishga yordam bermoqda.

Buni ham ko'ring OPEC+ neft qazish miqdorini kamaytiradi

Neft qazish kamayishi Kremlni daromad manbalaridan ayirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga pand beradi, shuningdek, urush tufayli beqarorlashgan global iqtisodiyotga yana bir zarba deya ko’rilmoqda.

AQShda Kongressga saylovlar yaqin ekan, Bayden benzin bahosi tushayotganini demokratlarning yutug’i deya ko’rsatayotgan edi.

Saudiya Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxonning “Al-Arabiya” telekanaliga aytishicha, OPEK+ qarori faqatgina iqtisodiy omillar asosida qabul qilingan.

Bayden va Yevropa yetakchilari benzin narxini pasaytirish va Moskvani jazolash uchun neft ishlab chiqarishni oshirishga chaqirayotgan edi. Vladimir Putin energiyadan qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblanadi.

“Ular, shubhasiz, Rossiyaga yon bosayapti. Hozir Rossiyani yoqlash vaqti emas”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jan-Pyer.

“Terrorchi dushman bilan hamnafas bo’lgan davlatga qurol texnologiyalarini sotishni davom ettira olmaymiz”, - deydi Richard Blumental, Senatdagi qonun loyihasi mualliflaridan biri.

Aytish joiz, AQSh Riyodga sotayotgan qurollar Eronning yadroviy dasturiga nisbatan javob chorasi hamdir.

“Saudiyada 70 ming amerikalik istiqomat qiladi, qo’shni davlatlarda ham ancha askarlarimiz bor. Mintaqadagi raketaga qarshi mudofaa tizimlari integratsiyalashuvi nafaqat bizning, balki dunyoning o’sha qismidagi ittifoqchi va hamkorlarimiz manfaatlariga ham javob beradi”, - deydi Kirbi.

Buni ham ko'ring Baydenning Isroil, G'arbiy Sohil, Saudiya Arabistoniga safari

Shunga qaramay, Bayden bosim ostida. Oq uyga harakat qilayotganida u Saudiya rahbarlari jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limi uchun javob beradi, deya va’da bergan edi.

Ammo dunyo bo’ylab yoqilg’i narxi oshib borayotgan bir paytda Bayden iyulda Riyodga borib, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi.

AQSh razvedkasining aniqlashicha, Qoshiqchini Istanbuldagi konsullikda o’ldirishni Salmon ma’qullagan bo’lishi ehtimoli yuqori. Shahzoda bu da’volarni rad etadi.

Saudiya Arabistoni, shuningdek, Yamanda tinch aholi o’limiga olib kelgan havo hujumlari, bu mamlakatda ocharchilikka sabab bo’lgan embargo bois xalqaro tanqidlarga uchragan.

“Neft qazishni 2 million barrelga qisqartirish haqidagi halokatli qaroridan ma’lumki, Saudiya Arabistoni AQShga zarar yetkazmoqchi. Munosabatlarni qayta ko’rib chiqish zarur. Yamanda sanoqsiz tinch aholini qirgan, Amerikada yashagan jurnalistni parchalab tashlagan, benzin uchun amerikaliklarning pulini yulib olayotgan rejimga AQSh bosh egishiga hech qanday sabab yo’q”, - deydi senator Ro Xanna.