Nega texnologiya kompaniyalari minglab xodimlarini ishdan bo'shatdi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

2022-yil oxiriga kelib, “Twitter”, “Amazon”, “Salesforce” kabi yirik texnologiya kompaniyalari minglab xodimlarini ishdan bo’shatdi. “Meta” esa jami ishchilari sonini 13 foizga qisqartirdi. Iqtisodiy beqarorlik davrida kompaniyalar xarajatlarini kamaytirishga urinmoqda.

AQSh iqtisodiyotining lokomotivi sifatida texnologiya kompaniyalari so’nggi yillarda gurkirab o’sdi. Ammo 2022-yil oxiriga kelib vaziyat o’zgardi.

“Facebook”ga egalik qiluvchi “Meta” kompaniyasi 13 ming xodimini ishdan bo’shatdi. Ilon Mask “Twitter” ishchilari sonini teng yarmiga qisqartirdi.

“Lyft”, “Redfin”, “Stripe” kabi kompaniyalar ham 15 foizgacha xodimlarni kamaytirdi. “Microsoft” qariyb 1000 ishchisining bahridan o’tdi.

Lekin AQShda ishsizlik darajasi hanuz so’nggi yarim asrdagi eng quyi nuqtada. Nega unda texnologiya sohasida bu qadar ko’p ish o’rni boy berilyapti? Bu pandemiya davridagi xatolar asoratimi yoki bozor o’zini qayta tuzatyaptimi?

“Pandemiya haqiqatdan ham hamma narsani o’zgartirib yubordi. O’tgan ikki yil davomida kompaniyalar misli ko’rilmagan darajada ishchi yolladi. Texnik malakaga ega xodimlar yetishmadi. Natijada ko’plab kompaniyalar katta tezlikda zaxira uchun xodim yollashga tushib ketdi”, - deydi ekspert Tomas Vik.

Buni ham ko'ring Blinken: Texnologik raqobatda AQSh ustunlikni qo’lga olishi kerak

Ba’zi kompaniyalar sarflangan sarmoya tez orada natija berishini umid qildi. Ammo bu uzoq yillar vaqt oladigan jarayon, deydi Vanderbilt universiteti professori Joshua Uayt.

“Metaverse” mavzusi ko’pchilikka yaxshi tanish. Biz “Facebook”ni doim oddiy ijtimoiy tarmoq deb bilganmiz. Uning oldida yangi imkoniyat paydo bo’ldi. “Meta” dunyosini qurish oson emas, u ko’zlangan samarani bermadi. Ular doim xodimlar eng katta boyligimiz deb aytishadi. Aslida esa ularga eng katta xarajat sifatida qaraladi”, - deydi u.

Uaytga ko’ra, ishini yo’qotgan malakali xodimlar orasidan yangi ishbilarmonlar yetishib chiqadi.

“Tadqiqotlarga ko’ra, ishingizni yo’qotsangiz, bir joyda o’tirmaysiz. O’z biznesingizni boshlashingiz mumkin. Ishdan bo’shatilgan ishbilarmonlar, odatda, tez muvaffaqiyat qozonadi”, - deydi professor.

Your browser doesn’t support HTML5

Kelajakni o'zgartiradigan texnologiyalar

Immigratsiya bo’yicha huquqshunos Tahmina Uotsonning aytishicha, ishdan bo’shatishlar, ayniqsa, muhojirlarga ko’proq ta’sir qilyapti. Ularning ko’pi boshqa davlatlarga, xususan, 1,5 million yangi muhojirni qabul qilishga ahd qilgan Kanadaga yo’l olmoqda, deydi u.

“Bizda har doim malakali kadrlar yetishmagan. Hozir ham bu vaziyat o’zgarmaydi. U faqat yomonlashishi mumkin. Qayerda yaxshi kutib olishsa, bu odamlar o’sha yerga ketadi”, - deydi Uotson.

Vikning aytishicha, texnologiya sohasida ish o’rinlari hanuz mavjud.

“10 milliondan ortiq ish o’rni bor. Bu pandemiyadan oldingi raqamlardan ko’p. Hali ham ishini ixtiyoriy tark etayotganlar soni baland. Ishsizlik darajasi esa past. Bularning barchasi ish bozori hanuz juda yaxshi ekanini ko’rsatadi”, - deydi ekspert.

Bayden ma’muriyati AQShda yarimo’tkazkichlar sanoatini rivojlantirishga bel bog’lagan. Ishlab chiqaruvchilar uchun ajratiladigan 50 milliard dollarlik yordam bu sohada yana ko’plab yangi ish o’rinlarini yaratadi.