Hind muhojirlar farzandi Amerika prezidenti bo'lmoqchi

  • Amerika Ovozi

51 yoshli Nikki Heyli 2017-2018 yillarda AQShning BMTdagi elchisi bo'lgan. Klemson universitetini bitirgan, kasbi hisobchi.

Janubiy Karolina shtatining sobiq gubernatori Nikki Heyli prezident bo’lmoqchi. Hozircha u Oq uyga respublikachilar orasidan Donald Trampdan keying ikkinchi da’vogar.

Ona shtati Janubiy Karolinadan so’zlar ekan, 51 yoshli Nikki Heyli Amerika siyosiy maydonida yangi chehralar yetishmayapti, dedi.

"Biz tayyormiz. Biz yangicha fikr va qarashlar, takliflarni olg’a suramiz. Suvi chiqib ketgan gaplar va ularning egalaridan charchadik. Yangi avlod kelsin”, - deydi u.

Biroq Nikki Heyli raqibi Donald Trampni tilga olmadi. Bir paytlar unga ishlagan Heyli 2021-yildagi so’zlaridan qaytgan. O’shanda u Tramp bilan bellashmasligini aytgan.

“Prezident Tramp chiqsa, men chiqmayman”, - degan Heyli.

Trampning kampaniyasiga ko’ra, u Heyliga omad tilab, o’z istak-xohishlariga asosan harakat qilishni maslahat bergan.

Prezidentlik poygasiga kirishayotganini onlayn e’lon qilgan Heyli o’zini respublikachilar kelajagi deya tanishtirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Hind muhojirlar farzandi prezident bo'lmoqchi

Buni ham ko'ring Respublikachilar: Prezident Bayden xalqni aldayapti, qayta saylamang

“Partiyamiz oxirgi sakkiz prezident saylovida yetti bor yutqazgan. Bunga chek qo’yishimiz kerak”.

Heyli - hind immigrantlar farzandi. Tarafdorlari kam emas, deydi siyosiy tahlilchi Jon Fortiyer, ammo Trampnikiga yetmaydi.

“BMTdagi elchi sifatida Heyli Trampning chizgan chizig’idan chiqmagan. U bilan olishmagan. Boshqa respublikachilar singari unga qarshi bormagan. Bu ijobiy hol sanalsa-da, partiyadoshlari unga o’ziga xos nomzod deb qaramasligi mumkin, boshqalar bilan qiyoslaganda”, - deydi Fortiyer.

Heyli 2017-2018 yillarda AQShning BMTdagi elchisi bo'lgan. Klemson universitetini bitirgan, kasbi hisobchi.

Oq uy uchun kurashga otlanayotgan respublikachilar anchagina. Xususan, yana uch arbob shaylanmoqda: sobiq vitse-prezident Mayk Pens, sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo va milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchi Jon Bolton.

“Donald Trampga bas kela oladigan da’vogar – Florida shtati gubernatori Ron Desantis",- deydi Fortiyer.

"Unda Trampga xos siyosiy vazn va qarashlar bor. Buni hozirgacha ancha namoyon etib ulgurgan. Respublikachilarni quvvatlaydigan shtatni boshqarib kelmoqda”.

Tramp singari Desantis ham Amerikadagi ijtimoiy-madaniy muhitni tanqid qilib keladi va liberallarga qarshi yondashuvi o’xshash. Faqat u yoshroq. Respublikachilarlarga hozir mana shunday lider kerak, deydi siyosatdonlar.

Eng muhimi, deydi respublikachilar, nomzod pirovardida Prezident Jo Baydenni yuta olishi kerak.

Poyga endi boshlanmoqda, ammo Heyliga allaqachon vitse-prezidentlikka munosib arbob deya qarayotganlar bor.

Ommaviy so’rovlarda respublikachilar orasida Trampning tarafdorlari hamon salmoqli. Partiyaviy saralash musobaqasida bu ko’rsatkichlar muhim rol o’ynaydi. Sobiq prezident Oq uyga qaytish uchun shiddatli kurash olib borishi tayin.