AQSh BMT Inson huquqlari kengashidan chiqishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli, Jeneva

BMTdagi elchi Nikki Heylining ogohlantirishicha, AQSh Inson huquqlari kengashidan chiqishi mumkin, chunki bu organ isloh qilinmayapti va buning uchun iroda yetishmaydi.

Kengash ikki haftalik sessiyada - 6-23 iyun orasida. Amerika diplomati uning boshida gapirib, tub o'zgarishlar qilishga chaqirdi.

“Bilasiz, Qo'shma Shtatlar bu organdagi rolini qayta ko'rib chiqmoqda. Ko'plab yo'nalishlarda yangilik qilish kerak", - dedi Heyli.

U AQShning BMTdagi 29-elchisi va bu kengashda so'zlagan birinchisi. 47 davlat a'zo.

Heyli kengashni noxolislikda aybladi. Venesuela singari mamlakatlarda hukumat xaqni qanchalik ezayotganiga ko'z yumayotganlikda tanqid qildi.

“Lekin Isroilning har bir qadamini keskin qoralab kelasiz. Mart oyining o'zida yahudiy davlatga qarshi besh rezolyutsiya qabul qildingiz. Kengashda Isroilga nafrat kuchli ekani bizga ma'lum", - dedi Amerika diplomati.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha komissari Ziyod Raad al-Husayn
BMTning Inson huquqlari bo'yicha komissari Ziyod Raad al-Husayn

AQSh va Isroil - azaliy ittifoqchilar. Vashington nazarida BMT yahudiy davlatga nisbatan boshidan salbiy munosabatda. Lekin Shimoliy Koreya, Suriya, Eritreya, Eron, Kongo Demokratik Respublikasi va Burundi singari davlatlardagi vaziyat e'tibordan chetda, deydi Amerika rasmiylari. Falastinliklarning huquqini himoya qilish kerak, deydi ular, ammo kengash har safar yig'ilganida avvalo Isroilni qoralaydi va boshqa mamlakatlardagi ahvol deyarli muhokama qilinmaydi.

Biroq Inson huquqlari kengashi ham AQShdan norozi. Jorj Bush prezidentligi davrida Oq uy bu organni boykot qilgan, uni hurmat qilmagan, deya eslaydi diplomatlar. Barak Obama prezidentlikka saylangach, 2009-yilda Amerika kengashga qaytgan.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha komissari Ziyod Raad al-Husayn AQSh elchisining gaplariga javob bermadi. O'z nutqida u Isroilni arab yerlarini qaytarishga chaqirdi.

"Falastin xalqiga erkinlik kerak. Ularning ozod yashashga haqqi bor. Xavfsiz hayot kechirib, o'z yerida, o'z davlatida ravnaq topsin. Uzoq va uqubatli bosqinni tugating", - dedi Husayn, yahudiy davlatiga qarata.

Isroil ham tinch va farovon hayotga haqli, deya tan oldi komissar. Buning uchun, deydi u, falastinliklarning huquqini poymol etishi shart emas.

Venesuelada xalq hukumatdan norozi va bir necha oydan beri namoyishlar tinmaydi. Nikolas Maduro boshliq tuzum ularni kuch bilan bostirishga urinmoqda. Minglab odamlar qamoqda, yuzlab insonnlar o'lgan. Muxolifat va faollar zulm va bosim ostida.

Venesuela Inson huquqlari kengashi a'zosi. Qanday qilib va nima uchun, deya so'raydi Heyli. Uningcha, o'z xalqini azoblab kelayotgan hukumat xalqaro sahnadan haydalishi kerak.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Jon Fisher AQSh elchisining gaplarini qo'llab, BMTni islohotlarga undaydi.

“Biror davlat bu borada namunali emas. Muammo har yerda bor. Lekin shunday hukumatlar mavjudki, ular odamlarni tinimsiz va sistematik tarzda ezadi va qonunni hurmat qilmaydi. Ularga BMTning biror organida joy berilmasligi lozim", - deydi Fisher.

Venesuela rahbari Nikolas Maduro
Venesuela rahbari Nikolas Maduro

Venesuelaning BMTdagi elchisi Rafael Ramírez deydiki, AQSh o'z muammolari bilan shug'ullansin.

"Bizga yopishmay oldin o'zidagi masalalarni hal etsin", - deydi Ramirez Prezident Donald Tramp olib borayotgan siyosatga ishora qilib.

Tramp immigratsiyani cheklashga urinmoqda, shuningdek, terrorizmga qarshi kurashda musulmonlarga shubha bilan qaramoqda.

Venesuela muxolifati esa Vashingtondan minnatdor. Maduro rahbariyati jahondagi eng yovuz tuzumlardan biri, deydi faollar. Xalqaro hamjamiyati Karakasdagi qonli voqealarga loqayd, deya noliydi ular, Amerika bu borada ochiq gapirayotgani tahsinga sazovor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG