BMT isloh qilinishi shart, deydi Tramp

  • Amerika Ovozi

BMT, Nyu-York, 18-sentabr, 2017

AQSh rahbari Donald Tramp bugun Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasi doirasida yig'ilish o'tkazib, tashkilotni tub islohotlarga undadi. Real o'zgarishlar qilish kerak, deydi u, Amerika tomon o'tkazgan majlisda.

BMT kamroq mablag' sarflashi va har bir sohadagi faoliyatini qayta ko'rib chiqishi kerak, deydi Tramp.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli deydiki, 193 davlat a'zo organ islohotlar haqida azaldan gapirib keladi, lekin bugun amaliy qadamlar tashlash davri yetgan.

Tramp ma'muriyatining pozitsiyasi shuki, BMT moliyaviy jihatdan Amerikaga obdon tayanib qolgan. Byudjetining qariyb chorak qismini AQSh qoplaydi. Yiliga 3-4 milliard dollar orasida.

Dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega davlat bu tashkilotni shartsiz moliyalamasligi kerak, deydi prezident.

Tramp Oq uyga saylanguniga qadar BMTni demokratiya va erkinlik dushmani, AQShga ishonchli hamkor bo'la olmaydigan organ, deya tanqid qilgan.

Lekin hozirda u BMT bilan ishlashga tayyor, faqat u Oq uy shartlariga ko'nishi lozim. BMT Xavfsizlik Kengashi o'z kuchini isbotlashi zarur, deya undamoqda Tramp.

Bugungi majlisda Trampning qayd etishicha, Amerika hukumati avvalo amerikaliklar manfaati uchun xizmat qiladi va birinchi navbatda o'z foydasini ko'zlab ish tutadi.

Iqlim va ekologiya, savdo va biznes, huquq va adolat, taraqqiyot va insonparvarlik yordami - bu jabhalarning har birida Oq uy o'z qarashiga ega, deydi Tramp. AQSh o'z tashqi siyosatini Amerika manfaatlariga moslaydi. Vashington hamma bilan ishlashga shay, lekin narigi tomonda yetarlicha iroda bo'lishi kerak, deydi prezident.

Tramp bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan alohida muloqot qilmoqda. Kechqurun Lotin Amerikasi rahbarlari bilan ziyofatda bo'ladi.

Netanyahu va Makron bilan uchrashuvda asosiy mavzu Eron bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG