Blinken saudiya valiahd shahzodasi bilan Yaman, Isroil, inson huquqlarini muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Jidda, Saudiya Arabistoni, 7-iyun, 2023

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Saudiya Arabistoni qirolligining valiahd shahzodasi Muahammad bin Salmon bilan Jidda shahrida uchrashib, qator mavzularda “ochiq, samimiy” gaplashib olgan.

Rasmiylarning ma’lum qilshicha, Blinken Riyodga urush domidagi Sudandan AQSh fuqarolarini evakuatsiya qilishda ko’rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan.

Buni ham ko'ring OPEK davlatlarining neft ishlab chiqarishni yana qisqartirishi nimani anglatadi?

"Tomonlar Yaqin Sharq mintaqasi va uning tashqarisida barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyotni mustahkamlash, xususan, Yamanda ko'p qirrali siyosiy kelishuvlar orqali tinchlik va barqarorlikka erishish borasida yakdil ekanini tasdiqladi", - deya uchrashuvni izohladi Davlat departamenti vakili Mett Miller.

Iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa, toza energiya va texnologiyalar yo'nalishida o'zaro aloqalarni mustahkamlash ham muhokama qilingan.

Blinkenning tashrifi Vashington va Riyod Eron bo’yicha siyosatdan tortib, mintaqaviy xavfsizlik, neft narxi va inson huquqlari kabi qator masalalarda kelisha olmayotgan bir paytda amalga oshmoqda. Kuni kecha Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarishni yanada qisqartirishini e’lon qildi, bu esa AQShda benzin narxi oshishiga olib kelishi mumkin.

Kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri – Saudiya va Isroil o’rtasidagi munosabatlarni normallashtirish. Blinkenning ta’kidlashicha, AQSh bundan manfaatdor, ammo zudlik bilan biror o’zgarish bo’lmasligini tan oladi.

AQSh 1970-yillardan buyon Isroil va bir qancha arab davlatlari, jumladan, Misr, Bahrayn, Marokash va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o’rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga urinib keladi.

BAA va Bahrayn 2020-yilda yahudiy davlati bilan aloqalar o’rnatdi. Riyod birinchi navbatda Falastin davlatchiligi masalasi hal qilinishi lozim, deb kelmoqda. Aprelda Saudiya Isroilning ashaddiy dushmani bo’lmish Eron bilan munosabatlarini tikladi.

Entoni Blinkenni Saudiya rasmiylari kutib oldi, Riyod, 7-iyun, 2023

Manbalarga ko’ra, Saudiya qo’yayotgan yana bir talab – fuqarolik yadro dasturini rivojlantirish, AQShdan bunday texnologiyalarni olish. Riyod Xitoy bilan yaqinroq hamkorlik qilish orqali ham turli talablarini olg’a surmoqda.

Blinkenning tashrifidan so’ng Riyodda Arab-Xitoy sarmoya konferensiyasi rejalangan.

AQSh rasmiylarining bildirishicha, bosh diplomat Muahammad bin Salmon bilan uchrashuvda inson huquqlari bilan bog’liq masalalarni ham ko’targan, ammo tafsilotlar ma’lum emas.

8-iyun kuni Blinken va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashayotgan 80 davlat yig’niga mezbonlik qiladi.