AQShda musulmonlarga qarshi tahdidlar oshgan

  • Amerika Ovozi

Isroil-G’azo urushi ortidan 2023-yil AQShda musulmonlar va falastinliklarga nisbatan kamsitish va hujumlar soni rekord darajada oshgan.

Shikoyatlar 2023-yilda jami 8061 tani tashkil etgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 56 foizga koʻp va Amerika-Islom munosabatlari boʻyicha Kengash (CAIR) deyarli 30 yil avval shunday ma’lumotlarni qayd eta boshlaganidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir. CAIR ma'lumotlariga ko'ra, ushbu hodisalarning 3600 ga yaqini oktabrdan dekabrgacha sodir bo'lgan.

Inson huquqlari himoyachilari, shuningdek, Yaqin Sharqdagi so‘nggi mojarolardan keyin islomofobiya, Falastinga qarshi tarafkashlik va antisemitizmning global miqyosda o’sgani haqida xabar bermoqda.

AQShda yuz bergan mudhish voqealar sirasiga oktabr oyida 6 yoshli falastinlik amerikalik Vadea Al-Fayumning Illinoys shtatida pichoqlab o‘ldirilgani, noyabr oyida Vermontda falastin millatiga mansub uch talabaning otib o‘ldirilgani va fevral oyida Texasda falastinlik erkakning pichoqlanishi kiradi.

Buni ham ko'ring Amerika musulmonlari ko'proq qanday maqsadlar uchun xayriya qilmoqda?

CAIR hisobotida aytilishicha, 2022-yilda birinchi marta yillik shikoyatlar kamayganidan so‘ng, 2023-yilda “musulmonlarga qarshi nafratning qayta bo’y cho’zishi” kuzatilgan. 2023-yilning birinchi to‘qqiz oyida bunday hodisalar oyiga o‘rtacha 500 tani tashkil etgan; oktabrdan boshlab esa oyiga 1200 dan oshgan.

“Bu kuchaygan islomofobiya toʻlqinining asosiy sababi 2023-yil oktabr oyida Isroil va Falastinda zoʻravonlikning kuchayishi boʻldi”, — deyiladi hisobotda.

CAIR ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda eng ko'p shikoyatlar immigratsiya va boshpana, ish bilan bog'liq kamsitishlar, nafrat jinoyatlari va ta'lim kamsitishlari haqida bo'lgan.

Buni ham ko'ring Amerikadagi yetakchi musulmonlar Oq uydagi iftor, hayitda qatnashmoqchi emas

Falastinda Xamas guruhi 7-oktabr kuni Isroilga hujum qilib, Isroil ma'lumotlariga ko'ra, 1200 kishini o'ldirgan. Isroilning bunga javoban G'azoga boshlagan urushi, mahalliy sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 32 000 dan ortiq odamning umriga zomin bo’lgan. Hududning deyarli barcha 2,3 million aholisini o’z uyini tashlab qochgan. G'azo ayni paytda ocharchilik bilan yuzlashmoqda. Ko’plab faollar Isroilni tinch aholiga qarshi genotsidda ayblamoqda.