Afg'onistonda kelishuv imzolandi, Do'stumga marshal unvoni berildi

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani va uning prezidentlikka da’vo qilgan raqibi Abdulla Abdulla hokimiyatni bo’lishishga kelishib oldi. G’ani prezidentlik lavozimida qoladi, ammo ikki rahbar vazirlarni teng miqdorda tayinlaydi.

Kobul va Tolibon o’rtasida tinchlik muzokaralari boshlansa, ularga Abdulla boshchilik qiladi. 17-may kuni Kobulda imzolangan kelishuv kuchlar muvozanatini saqlashda yordam beradi degan umid bor.

Buni ham ko'ring AQSh: Afg'oniston tinchlik jarayoni kutilgandek kechmayapti

2019-yilning sentabrida o’tgan saylovda g’alabaga da’vo qilgan G’ani va Abdulla alohida inauguratsiya marosimlarini o’tkazishgan edi. Mamlakat saylov komissiyasi xulosasiga ko’ra Ashraf G’ani kichik farq bilan yutgan, biroq sobiq vitse-prezident Abdulla Abdulla saylovda firibgarlik ro’y berganini ta'kidlaydi.

Prezident so’zlovchisi Sidiq Siddiqiyning aytishicha, Abdulla Tinchlik bo’yicha oliy kengashga raislik qiladi, uning odamlari hukumatdagi lavozimlarga tayinlanadi.

Buni ham ko'ring AQSh: Siyosiy inqiroz bartaraf etilmasa, Afg'onistonga yordam kesiladi

Kelishuvga ko’ra, siyosiy tortishuvlarda Abdulla tarafida bo’lib kelgan o’zbek generali Abdul Rashid Do’stumga Afg’oniston qurolli kuchlarining marshali unvoni beriladi.

“Reyter” axborot agentligi Abdulla va G’ani hukumatda 50 foizlik ulushga ega bo’lishi haqida xabar bermoqda. Abdullaning aytishicha, imzolangan kelishuv “inklyuziv, mas’uliyatli va ishonchli hukumat” shakllanishiga yordam beradi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bugun har ikki rahbar bilan telefonda muloqot qilib, kelishuvga erishilgani bilan tabriklagan. Afg’onistonda siyosiy muzokaralar orqali uzoq yillik urushga barham berish AQSh uchun prioritet bo’lib qoladi, deydi Pompeo.

Do’stumga marshal unvoni berilgani qanday kutib olindi?

Afg’onistonda yashovchi turkiy xalqlar sardori sifatida tanilgan o’zbek lider Abdul Rashid Do’stumga marshallik harbiy unvoni berilishi o’zbek jamoasi tomonidan qizg’in kutib olindi. Turli xil fikr-mulohazalar yangramoqda.

Siyosiy tahlichi Asadulla Nadim “Facebook” sahifasida G’ani va Abdulla o’rtasida imzolangan bitimga ishora qilib shunday yozadi:

“Ushbu jarayonning faqat bitta kuchli o’yinchisi va qahramoni bor… nihoyat marshal Do’stum muvaffaqiyatli gol urdi”.

Deputat Sayid Azizulla Ulfatiy G’ani Do’stumga marshal unvonini berishni xohlamas edi, deya qayd etadi:

“Do’stum marshal bo’ldi. Astoydil xursandman”.

“Facebook” foydalanuvchisi Najib Aziz shunday yozadi:

“Marshallik kayfini uni xavfli va qotil deb aytayotganlardan olgan Do’stum chuqur his qiladi. Marshal unvonini berish kayfini esa uni xavfli va qotil deb aytayotgan Ashraf G’ani yaxshi his qila oladi”.

Abdul Rashid Do’stum Afg'oniston tarixidagi uchinchi marshal

Ba’zilar Do’stum siyosiy bir kelishuv asosida marshal bo’ldi desa, boshqalar marshal bo’lish Do’stumning haqqi edi, u shunga loyiq, deya urg’u bermoqda.

Mamlakat tarixida Do’stumdan boshqa ikki marshal bo’lgan. Do’stum mamlakat tarixidagi uchinchi va o’zbeklardan birinchisidir.

Abdul Rashid Do’stum Afg’oniston shimolidagi Juzjon viloyatining Xo’jadukka tumanida tug’ilib o’sgan. Kamida 40 yildan beri Afg’onistonda harbiy-siyosiy sohada faoliyat olib boradi.

U 2014-yilgi prezidentlik saylovida Ashraf G’anining birinchi o’rinbosari sifatida qatnashdi, keyinchalik G’anining birinchi muovini lavozimida ishladi.

Hozirgi kunda Do’stum mamlakatning yetakchi siyosiy harakatlaridan bo’lgan “Milliy Junbish” partiyasiga rahbarlik qiladi.