Breaking News

Tolibon bilan kelishuv doirasida AQSh Afg’onistonda qo’shinni kamaytirmoqda


Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi askarlarini kamaytirishda davom etmoqda va Tolibon bilan kelishuvga binoan iyul o’rtalariga borib ular soni 8600 nafarga tushadi. Jangarilar bilan kelishuv imzolangan 29-fevralda mamlakatda Amerika qo’shinlari soni 13 000 atrofida edi.

2021-yilning iyul oyiga qadar AQSh askarlari qatorida koalitsiyadagi boshqa davlatlar ham Afg’onistondan harbiylarini olib chiqishi kerak.

“Xavfsizlik nuqtai nazaridan hozirgi qo’shin soni haqida ma’lumot bera olmaymiz”, - dedi AQSh harbiylari so’zlovchisi “Amerika Ovozi” savollariga javoban.

Kelishuv doirasida Tolibon terrorchi guruhlarning Afg’oniston zaminidan foydalanishiga yo’l qo’ymasligi, xorijiy qo’shinlarga hujumlarni to’xtatishi shart.

Bu orada, Tolibon afg’on xavfsizlik kuchlariga qonli hujumlarini davom ettirmoqda. 1-may kuni janubiy Hilmand viloyatidagi portlash va harbiy bazaga xurujda 10 askar halok bo’lgan.

Qo’shni Qandahorda esa jangarilar bilan olishuvda bir askar o’lgan, uch nafari yaralangan. Tolibon odatda bahorda harbiy amaliyotlarini kuchaytiradi. AQSh o’z harbiylarini olib chiqayotgani ham ularga dalda berayotgan bo’lishi mumkin.

To’xtab qolgan muzokaralar

AQSh-Tolibon bitimi isyonchilardan Afg’onistondagi boshqa guruhlar, jumladan, Kobuldagi hukumat bilan siyosiy muloqot boshlashni, sulh va hokimiyatni taqsimlash bo’yicha muzokaralarda ishtirok etishni talab qiladi.

Afg’on guruhlari o’rtasidagi muzokaralar 10-martda boshlanishi rejalangan edi, biroq Tolibon va Kobul orasida mahbus ayirboshlash o’ta sekin kechayotgani sabab to’xtab qolgan.

Afg'on askarlari
Afg'on askarlari

Yuqorida tilga olingan bitimda afg’on hukumati 5000 tolibni, jangari guruh esa 1000 afg’on askarini ozod etishi belgilangan. Manbalarga ko’ra, AQSh tomoni ushbu bandni Kobul bilan maslahat qilmasdan so’nggi daqiqada hujjatga kiritgan.

Prezident Ashraf G’ani talabga qisman ko’nib, hozirgacha 550 jangarini, Tolibon 100 askarni qo’yib yubordi. Toliblar shart to’liq bajarilmaguncha tinchlik muzokaralariga kirishmoqchi emas.

Kelishuvga to’g’anoq bo’layotgan yana bir omil bu Afg’onistondagi prezidentlik saylovlaridan so’ng davom etayotgan siyosiy inqirozdir. Amaldagi Prezident Ashraf G’ani 28-sentabr saylovi g’olibi deb rasman e’lon qilingan bo’lsa-da, uning raqibi Abdulla Abdulla natijani tan olmadi. Oqibatda ayni damda boshqaruv falaj holatida.

Raqiblar mart oyida alohida inauguratsiya marosimlarini o’tkazdi. AQShning mushtarak hukumat tuzish lozimligi haqidagi chaqiriqlari javobsiz qoldi.

Abdulla Abdullaning bildirishicha, siyosiy inqirozni hal qilish uchun G’ani idorasi bilan muzokarada progress bor. “Qator masalalar bo’yicha dastlabki kelishuvga erishdik”, deb yozdi u 1-may kungi tvitida.

Ozod etilgan toliblar
Ozod etilgan toliblar

COVID-19

AQSh-Tolibon kelishuvi ijrosining sekinligi va siyosiy inqiroz koronavirus tarqalayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Tolibon so’zlovchisi Suhayl Shahin hukumatning yana o’nlab askarlari ozod etilishini e’lon qilar ekan, “mahbuslar hayotini saqlab qolish uchun bu jarayonni tezlashtirishga harakat qilyapmiz”, deydi.

Afg’onistonni Qayta Qurish Bo’yicha Bosh Inspektor (SIGAR) agentligi shu hafta Kongressga taqdim etgan hisobotga ko’ra, Afg’oniston COVID-19 sabab sog’liqni saqlash sohasida ham krizis bilan yuzlashishi tayin. Mamlakatda 72 kishi pandemiyadan o’lgan, kasallanganlar 2500 ga yaqinlashmoqda.

“Afg’onistonning ko’p sonli va o’ziga xos zaif jihatlari – sog’liqni saqlash tizimi xarobligi, aholi to’yib ovqatlanmasligi, chegara mustahkam emasligi, boshpanasiz ko’chib yurganlar ko’pligi, Eron bilan umumiy chegara va davom etayotgan mojaro – mamlakat yaqin oylarda tibbiy inqiroz bilan yuzlashishi ehtimolini kuchaytiradi”, deyiladi SIGAR hisobotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG