Hilmand viloyatida to'yda portlash, askarlar ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Yaradorlar Hilmanddagi kasalxonaga yetkazildi. 31-dekabr, 2014-yil.

Afg'on rasmiysining aytishicha, Himand viloyatida to'y paytida ro'y bergan raketa hujumida askarlar aybdor. Voqea kamida 17 kishini hayotdan olib ketgan.

Hilmand viloyati hokimi muovini Muhammadjon Rasulyorning so'zlariga ko'ra, hududda chorshanba kuni jangarilar hujumidan keyin askarlar raketa otib javob berishga majbur bo'lgan.

Javobgar askarlar harbiy sudga topshirilishi kutilmoqda.

To'yda o'lganlarning aksariyati ayollar va bolalar bo'lgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hujumni qoralamoqda va afg'on hukumatini voqeani puxta tergov qilishga da'vat etmoqda.

Afg'oniston qurolli kuchlari joriy yil boshidan mamlakat xavfsizligi uchun mas'uliyatni to'liq bo'yniga oldi. Amerika va NATO 13 yillik harbiy kampaniyani o'tgan oy rasman yakunladi.

Qo'shma Shtatlar 2001-yilning 11-sentabridagi hujumlardan keyin al-Qoidaning sheriklari sanalmish Tolibonni boshqaruvdan ag'darish maqsadida Afg'onistonga qo'shin tortgan edi.

Shu bilan birga, 12 ming amerikalik va NATO zobitlari mamlakatda qolib afg'on armiyasini tayyorgarlikda o'tkazishda davom etadi.