Breaking News

2015-yilda Afg'oniston oldida muammo va vazifalar talay


Zo'ravonliklarga chek qo'yish - mamlakat oldida turgan dolzarb vazifalardan. 1-yanvar 2015-yil olingan surat
Zo'ravonliklarga chek qo'yish - mamlakat oldida turgan dolzarb vazifalardan. 1-yanvar 2015-yil olingan surat

Afg’oniston rasmiylarining ta’kidlashicha, 2014-yilda bu davlat farovon kelajak uchun mustahkam poydevor yarata oldi. Tanqidchilar esa yangi rahbarlar faoliyatini elakdan o’tkazar, mamlakat istiqbolidan xavotirda.

2014-yilda Afg’oniston uchun eng katta muammo Tolibon hujumlari, tang iqtisodiy ahvol va siyosiy boshqaruv bo’ldi.

Jiddiy tahdidlarga qaramay, mamlakatda prezident saylovlarining ikki bosqichi o’tkazildi, garchi bu jarayon ovozlarni soxtalashtirishdan xoli bo’lmasa-da.

Mamlakat bo’ylab xavfsizlikni ta’minlash vazifasi NATOdan afg’on milliy armiyasi zimmasiga o’tdi. Afg’onistonning qo’shni Pokistondagi elchisi Janon Musazoy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu jarayonlar umumiy ma’noda muvaffaqiyatli kechganini aytadi.

“Kuzatuvchilarning barchasi bir ovozdan “2014-yilda Afg’onistonning kuni bitadi” qabilida bashoratlar qilgan edi. Xavfsizlik bobida, siyosiy ma’noda, iqtisodiy jihatdan. Xudoga shukur, ikki muhim jabhadagi o’zgarishdan muvaffaqiyatli o’tib oldik”, - deydi Musazoy.

Saylovlardan so’ng prezidentlikka saylangan Ashraf G’ani va uning sobiq raqibi Abdulla Abdulla rahbarligida qo’shma hukumat tuzildi. Musazoyning aytishicha, ikki arbob iqtisodiy taraqqiyot yo’lida mamlakatni boshqarishga bel bog’lagan.

“Ishonch bilan aytamanki, 2015-yilda Afg’oniston o’zgarishlar davriga qadam qo’yadi. Milliy birlik hukumati bunga bosh bo’ladi. Maqsadlarimiz – tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot. Mamlakatda hamon davom etayotgan kuchli zo’ravonlik muammosini ham hal qilamiz degan umiddamiz”, - deydi Afg’oniston elchisi.

Prezident Ashraf G’ani va hukumat rahbari Abdulla Abdulla bu masalada yelkama-yelka ishlash niyatini bildirgan. Kun tartibida - zo’ravonlikka chek qo’yish barobarida demokratik islohotlarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurash. Yaqinda xalqaro konferensiyada so’zga chiqqan prezident bu maqsadlarni yana bir bor tilga oldi.

“Milliy birlik hukumati chuqur islohotlarni amalga oshirish niyatida qat’iy”, - dedi Ashraf G’ani.

Biroq sentabr oxirida murosaga erishgan ikki arbob hamon hukumat tuza olgani yo’q. Tahlilchi Keyt Klark bu tashvishlanarli holat, deydi.

“Siyosiy o’zgarish boshlangan, ikki rahbar tayin. Ular bir-biriga mulozamat ko’rsatsa-da, hukumat hamon shakllanmagan. Ular muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlay olmadi. Abdulla Abdullaning vazifalari va majburiyatlari mavhum. Yangi hukumat qachon ishga tushadi, ishlay oladimi? Bu savollarga hozircha javob yo’q”, - deydi Klark.

Boz ustiga xavfsizlik bobida muammolar ko’paymoqda, deydi tahlilchi. Tolibon hujumlari jadallashdi, iqtisodiy ahvol ham og’irlashmoqda.

“Afg’oniston dolzarb muammolarga yuz tutmoqda. Birinchi navbatda zo’ravonlik. Tolibon qurolini hali beri tashlamaydigan ko’rinadi. Iqtisodga katta ziyon yetkazilgan. Ha, muammolar nihoyatda jiddiy. Rahbarlar esa hech qayerga shoshilmayotgandek. Vaholanki, ular muammolarni tezda hal qila boshlashi kerak”, - deydi Klark.

AQShning Afg’onistonda qayta qurish ishlari bo’yicha bosh inspektori Jon Sopko o’z nutqida afg’on davlat idoralari barqaror ekanidan shubha bildirdi.

“Afg’oniston hukumati bor mablag’ni armiya va politsiyaga sarflasa ham xavfsizlik uchun xarajatlarning uchdan bir qismini qoplay oladi, xolos. Davlat xizmatchilari va o’qituvchilarga ham maosh to’lash kerak. Yo’llar, maktablar va kasalxonalar kabi noharbiy infratuzilma xarajatlari bor hali. Ularni xalqaro hamjamiyat qoplashga majbur bo’ladi. Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Hukumatni “ko’tarishga” afg’onlarning qurbi yetmaydi”, - deydi bosh inspektor.

AQSh Afg’onistondagi loyihalar uchun 140 milliard dollar ajratgan. Bu mablag’ning katta qismi ko’kka sovurildi, deydi Sopko. Chunki afg’onlar donorlar yordamisiz mablag’ni to’g’ri ishlata olmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG