NATOning O'zbekistondan kelayotgan 22 yuk mashinasi portlatilgan

  • Amerika Ovozi

Samangon, 18-iyul, 2012

Tolibonning bayon qilishicha, kecha O'zbekistondan Afg'oniston janubiga, Kobulga yo'l olgan 22 mashina yo'q qilingan.

Ularda NATO uchun mahsulot olib ketilayotgan bo'lgan. Portlash Samangon viloyatining Rabatak tumanida yuz bergan.


Mashinalarda yonilg'i va no-harbiy vositalar bo'lgani ma'lum. Shimoliy bu mintaqada 300 mingdan ziyod odam yashaydi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, aholining taqriban chorak qismi o'zbeklar. Jangarilar hamon kuchli ekanini namoyish etish uchun xurujlarga zo’r bermoqda, xususan, nisbatan osuda sanalmish shimolda.

Afg'on rasmiylarining tasdiqlashicha, mashinalar maxsus to'xtash joyida nishonga olingan.

“Yonilg’i sisternalarini portlatdik, keyin esa mashinalarga qarata o’t ochdik”, - deydi Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid. Voqea tungi soat 2 larda ro’y bergan. Oradan bir necha soat o’tib ham tuman uzra alanga va tutunni ko’rish mumkin edi, deydi guvohlar.

Pokiston orqali, ya'ni janubiy yo'nalishlardan foydalanish masalasi hamon nozik. Chunki Amerika bilan til topishishga qiynalayotgan Islomobod yo'llarni yopib qo'ygan va uzoq muzokaralardan keyin ularning ayrimlari ochilgan, xolos.

Xalqaro koalitsiyaga suv va havodek zarur bo'lgan mahsulotlarning katta qismi Shimoliy Ta'minot Tizimi, Markaziy Osiyodan o'tadigan yo'llar orqali olib kelinmoqda.

Hafta boshida sharqdagi Vardak viloyatida jangarilar NATOning yana uch mashinasini yo’q qilgan edi.

Kecha Afg'oniston janubida toliblar to'qqiz mahalliy zobitni o'ldirgan.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Hilmand viloyatiga safar qilib, ingliz askarlari bilan uchrashgan. Ayni damda Britaniya Afg'onistonda 9500 harbiyga ega.

Sharqda NATO ikki jangchisidan ayrilgan. G'arbda esa vertolyot qulab, ikki askar qattiq jarohatlangan.