Breaking News

Shimoliy ta'minot tizimi qimmat bo'lsa-da, koalitsiya uchun juda muhim


Amerikalik askarlar vatanga yo'l olar ekan, Manas tranzit markazi Afg'onistondan chiqishda muhim punktlardan.
Amerikalik askarlar vatanga yo'l olar ekan, Manas tranzit markazi Afg'onistondan chiqishda muhim punktlardan.
Pokiston yaqinda NATO uchun Afg’onistonga yetaklovchi ta’minot yo’lini yana ishga tushirdi. “Janubiy yo’nalish” deb nomlanuvchi tranzit marshruti Afg’onistonga yaqinligi bilan qulaydir. AQSh va NATO shimoliy yo’nalishda ham tranzitni yo’lga solib olgan.

Shimoliy ta’minot tizimi nomini olgan bu yo’nalish texnik jihatdan murakkab hisoblanadi. Pokiston orqali Afg’onistonga oziq-ovqat, anjomlar va harbiy yukni yuk mashinalarida olib o’tish mumkin.

"Shimoliy ta’minot tizimini esa yaxlit bir yo’l deb bo’lmaydi", deydi Markaziy Osiyo bo’yicha nyu-yorklik tahlilchi Aleksandr Kuli.

"Yuk dengiz, avtomobil yo’llari, havodan va temir yo’l orqali o’tadi. Boltiq davlatlaridan chiqib, Sovet davrida qurilgan eski temir yo’l bilan avval Rossiya, so’ng Qozog’iston va O’zbekistondan o’tadi. Keyin esa Termizdan yuk mashinalarida Do’stlik ko’prigi orqali Afg’onistonga kiradi".

Afg’oniston bo’yicha vashingtonlik tahlilchi Set Jounsning aytishicha, yuk qanday tashilishidan qat’iy nazar, AQSh va NATO uni olib o’tish uchun bu davlatlar ruxsatini olishi kerak.

"Har bir hukumat bundan foyda ko’rgisi keladi, tranzit uchun haq gaplashiladi. Mahsulotlarning bir qismi shu davlatlardan olinadigan bo’lsa ham narxi kelishiladi. Yukni olib o’tayotgan kompaniyalar ham o’z ulushini olishga harakat qiladi", - deydi Jouns.

Bitim shartlari va uning moliyaviy tomonlari oshkor etilmaydi. Biroq shimoliy yo’nalishning murakkabligini hisobga olganda xarajatlar janubiy tizimga qaraganda ikki baravar ko’p bo’lishi mumkin.

Ammo o’tgan yil noyabrida AQSh havo hujumida pokistonlik 24 askar halok bo’lganidan so’ng rasmiy Islomobod tranzit yo’llarini yopib qo’ygach, bundan boshqa chora qolmadi. Qo’shma Shtatlar voqea uchun uzr so’raganidan keyingina yo’llar yaqinda qayta ochildi.

Koalitsiya kuchlari kelasi yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, tahlilchilarning bildirishicha, buning uchun har ikki yo’nalishdan foydalaniladi.

Aleksandr Kuli so’zlariga ko’ra, bundan yana tranzit davlatlar foyda ko’radi.

"AQSh va NATO harbiylari Afg’onistondan chiqishi muqarrarligini hamda bundan boshqa chora yo’qligini bilgan bu davlatlar yaxshigina pul ishlash umidida".

Inson huquqlari tashkilotlari nazarida yuk va zobitlarni Afg’onistondan chiqarishda avtoritar davlatlar bilan ish qilmagan ma’qul.



Biroq, deydi tahlilchi Kuli, qisqa muddatli harbiy zarurat va uzoq muddatli demokratik maqsad o’rtasida muvozanatni topish oson emas.

"So’nggi 10 yilda AQSh va NATOning huquq masalasiga doir tanqidlari ancha tushgan. Asosiy urg’u xavfsizlik va yuk o’tkazishga berilib, boshqa sohalarda hamkorlik susaygan. Afg’on urushini Markaziy Osiyosiz tasavvur etib bo’lmaydi. Huquq faollari nazarida mintaqani bu urush qurboni deb atash mumkin va ular bu haqda Vashingtondan izoh istaydi", - deydi Kuli.

Rend Korporatsiyasi tahlilchisi Set Jounsning xulosa qilishicha, AQSh siyosati va mintaqa davlatlari bilan shu kunga qadar Afg’oniston bobida olib borilgan hamkorlik Markaziy Osiyoda demokratiyani kengaytirishda yordam bergani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG