Hayit arafasida Afg'oniston va Pokistonda qonli xurujlar

  • Amerika Ovozi
Afg’oniston g’arbida, Hirot viloyatining Shindand tumani bozorida bomba portlab, to’rt kishi halok bo’lgan. 12 fuqaro jarohatlangan.

Xurujda politsiya nishonga olingani ma’lum. Tolibonning ishi, deydi rasmiylar.

Uch kun oldin ham Hirotda bomba portlagan, 14 kishi jarohatlangan edi.

Ramazon hayiti arafasida xorijiy askarlarga ham hujumlar ko’paygan. Hilmand viloyatida ingliz zobiti o’ldirilgan.

Pokiston xavfsizlik xizmatining bayon qilishicha, AQShning uchuvchisiz qiruvchi samolyoti Shimoliy Vaziristonda jangarilarni nishonga olaman deb to’rt fuqaroni o’ldirgan.

Islomobod bunday havo hujumlaridan keskin norozi va Amerika samolyotlari uning hududiga kirmasligini talab qilib keladi.

Lekin Vashington pozitsiyasi shuki, Pokiston Afg’oniston bilan chegaradosh tog’li hududlarda joylashib olgan jangarilarga, Tolibon va al-Qoidaga qarshi zarur choralar ko’rmayapti.

Bugun, shuningdek, Baluchiston viloyatida bir kishi o’zini portlatib, besh kishining hayotiga zomin bo’lgan.

Tabiiy resurslarga boy bu mintaqa Tolibon bilan hamkor qator guruhlarga makon. Ular siyosiy muxtoriyat talab qilib keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 18-avgust, 2012