Rabboniyning dafn marosimi to’polonga aylandi

  • Amerika Ovozi

Rabboniyning dafn marosimi to’polonga aylandi

Bugun minglab odam yig’ilgan Kobulda sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy dafn etildi. Afg’oniston davlat bayrog’iga o’ralgan tobut poytaxt yaqinidagi Vazir Akbarxon qabristoniga qo’yilar ekan, atrofda ur-yiqit boshlangan.

G’azablangan olomon orasida AQSh, Pokiston va Afg’oniston rahbari hamid Karzayga qarshi hayqiriqlar yangragan. Ba’zilar politsiyachilarga qarata tosh otgach, xavfsizlik kuchlari havoga qarata o’q uzishga majbur bo’lgan.

Amaldagi rahbar, marosimga bormagan Hamid Karzay avvalroq so’zlab, tinchlikka raxna solayotgan kuchlar bilan kurashishga undadi. Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy Kobulga borib, afg’on xalqiga ta’ziya izhor etgan.

Afg’onistonni 1992-1996-yillar oralig’ida boshqargan, jangarilar bilan murosa izlab kelgan Burhoniddin Rabboniy seshanba kuni uyida suiqasd xuruji oqibatida nobud bo’ldi. Toliblar tinchlik bilan keldik, deb Rabboniyning huzuriga kirgan-da, sallaga joylangan portlovchi moslamani ishga solgan.

Hamid Karzay jangarilar keltirgan tinchlik nomasidan xabardor edim, deydi. Tolibon chin aytyapti, deb ishongan Karzay Eronga safar qilayotgan Rabboniyga xabar bergan. Rabboniy uyga shoshib, Tolibon o’ljasiga aylangan.

Afg’oniston razvedkasi hujumni toliblar bilan aloqador Kvetta Sho’ro guruhi amalga oshirgan demoqda.