Breaking News

Nazif Shahroniy: O'zbeklar Afg'onistonda federal tuzum tarafdori


Afg’onistonda saylovlar yaqinlashar ekan, prezidentlikka qayta saylanish umidida yurgan Hamid Karzay ikki jiddiy raqib bilan yuzlashmoqda.

Biri sobiq tashqi ishlar vaziri, tojik millatiga mansub Abdulla Abdulla. Ikkinchisi esa sobiq moliya vaziri va boshqa ko’plab lavozimlarda ishlagan, kelib chiqishi pushtu Ashraf G’ani Ahmadzay.

60 yoshli Ashraf G’ani hukumat faoliyatini kuzatuvchi tashkilotga 2005 yildan beri rahbarlik qilib keladi. Ungacha esa uch yil davomida moliya vaziri edi. Uzoq yillar Jahon Bankida mehnat qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlik qilib keladi. 2006 yilda Kofi Annanning bosh kotiblik muddati bitayotganida ayrimlar uni bu lavozimga ko’rsatgan.

Ashraf G'ani prezidentlikka saylansa, qashshoqlikka qarshi kurashni kuchaytirib, boshqaruvni mustahkamlashga va’da bermoqda.

Oddiy odamlar nazarida Ashraf G’ani Ahmadzay - uzoq davr xorijda yashab, Tolibon hokimiyatdan ag’darilgach vataniga mol-dunyo orttirish uchun qaytgan amaldor. Tarafdorlari nazarida esa u G’arbda bilim olgan, ammo o'z jamiyatidan uzoqlashmagan uddaburo mutaxassis.

Abdulla Abdullaga kelsak, 49 yoshli bu arbob aslida shifokorlikka o’qigan. Amaldor oilasida katta bo’lib, o’z siyosiy faoliyatini ham ancha erta boshlagan.

Abdulla Abdulla Tolibonga qarshi birlashgan kuch - Shimoliy Alyansning tashqi ishlar vaziri bo’lgan. Bu harakat tojik sarkarda Ahmad Shoh Mas’ud va Afg’oniston Islomiy Respublikasi prezidenti Burhoniddin Rabboniy tomonidan tuzilgan va Tolibonga qarshi kurashgan. 2001 yil so’nggida Amerika Afg’onistonga kirganida alyans kuchlari bu davlat bilan hamkorlik qilgan.

Yangi hukumat vujudga kelgach, Abdulla Abdulla tashqi ishlar vaziri bo’ldi, ammo Karzay bilan chiqisha olmay ishdan olindi. Prezidentlikka saylansa, Afg’onistonni kuchli federal tuzumga aylantirmoqchi. Hokim va mahalliy mutasaddilar Kobuldan tayinlanmay, aholi tomonidan saylansin degan taklifni olg’a surmoqda.

Abdulla ham Karzay va Ashraf G'ani singari G'arbda yaqin do'st va homiylarga ega, ammo bu nomzodlarning hech biri xalqaro matbuotda halol va irodali yetakchilar sifatida tilga olinmaydi.

Nazif Shahroniy, afg’on o’zbeklaridan chiqqan ziyoli, Amerikaning Indiana Universiteti professori fikricha uzoq yillik urushlardan tinkasi qurigan va alanga ichida yashayotgan jamiyatda oqil rahbarlarni topish qiyin.

“Bu nomzodlar, xususan amaldagi rahbar ham o’z lavozimidan shaxsiy manfaatlari uchun foydalanayotgan va foydalangan odamlardir. Lekin Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla kuchli kandidatlar sifatida maydonga chiqayapti, ya’ni odamlarni o’ziga ergashtirmoqda. Saylovda hech kim 50 foiz ovoz ololmasligi va prezident uchun qayta ovoz berilishi mumkin. Bu Afg’oniston uchun katta yangilik bo’ladi”,- deydi Shahroniy.

Saylov arafasida Afg’oniston yanada notinch. Tolibon xurujlarga zo’r bermoqda. Nafaqat chet el qo’shinlari, balki faol fuqarolar ham nishonga olinmoqda. AQSh hukumati yangi strategiya ishga solinayotgani, saylovlar tinch va adolatli o’tishi uchun sharoit hozirlanayotganini ta’kidlamoqda.

AQShning ko'zga ko'ringan senatori, demokrat Jon Kerri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Biz Afg’onistonda hech bir nomzodni quvvatlayotganimiz yo’q. Aksincha, xalqni “o’z rahbaringizni erkin ravishda o’zingiz tanlang” deya undayapmiz”,- deydi.

“Bu saylovning o’zi katta yutuq. Chunki ilk bor uni afg’on xalqining o’zi tashkil etmoqda. Nomzodlarning qirqqa yaqin ekani ham odamlarning kelajakka ishonchi oshganidan, shijoati kuchayganidan dalolat beradi”,- deydi senator.

Jon Kerri Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi va Afg’onistonga tez tez safar qilib turadi.

“Vaziyat qaltis, ammo saylovlar xalq irodasini aks ettiradi degan umiddamiz”,- deydi u.

“Biror nomzod yetarlicha ovoz ololmasa, saylov qayta o’tkazilishi aniq. Biz jarayon odil o’tishi uchun yordamni ayamaymiz, ammo liderni xalqning o’zi tanlaydi”,- deydi senator Kerri.

Nazif Shahroniy kabi siyosatdonlar Amerikaning betaraf ekanini shubha ostiga oladi. Lekin, ular nazarida, Afg’onistonda ma’muriy tizim o’zgarmas ekan, tinchlikka erishish qiyin.

"Saylov o’tadi ketadi, xalq hayoti yaxshilanib qolmaydi",- deydi Shahroniy. Olim Abdulla Abdulla taklifini yoqlaydi.

“Abdulla Abdulla tuzum va nizomni o’zgartirmoqchi. Bu zarur ekanini Amerika ham biladi. Lekin hozirgi tuzum, markazlashgan hokimiyat noto’g’ri ekanini bila turib, Amerika uni quvvatlab keladi. Afg’onistonda xalq mahalliy amaldorlarni o’zi tanlashi, boshqaruv kimning qo’lida bo’lishini o’zi belgilashi kerak. Aks holda barqarorlik bo’lmaydi”.

Afg’onistonning 28 millionga yaqin aholisi 34 viloyatda yashaydi. Viloyat hokimlarini Ichki ishlar vaziri tayinlaydi. Hokim esa tuman rahbarlarini tayinlaydi.

Turli elat va qabilalardan tashkil topgan jamiyatni bunday boshqarish noto’g’ri, deydi Nazif Shahroniy. "Bu kabi tuzumlar Afg’onistonda hech qachon uzoqqa cho’zilmagan",- deydi ziyoli.



Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG