Graffiti chizib dunyo kezayotgan ayol

  • Amerika Ovozi

Shamsiya Hasaniy Afg’onistonda birinchi graffiti san’at ustasidir. Dunyoning qaysi nuqtasida bo’lishingizdan qat’i nazar, graffiti, yani ko’cha devorlariga chizish oson ish emas. Ayniqsa, holdan toygan Kobulday joyda xotin-qizlar ijodga qo’l urishi o’ta murakkab va xavfli. “Amerika Ovozi” muxbiri afg’on sat’atkorini Turkiyadagi xalqaro festivalda uchratib uning ijodi bilan tanishdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Graffiti chizib dunyo kezayotgan ayol

Shamsiya Hasaniy 30 yoshda. U ko’cha devorlariga chizayotgan suratlari orqali ommaga xotin-qizlar dardini olib chiqadi.

“Musiqachilar his-tuyg’ularni cholg’u asbobi bilan ifodalagani kabi, mana bu suratdagi ayolni fortepiano chalayotganini chizganman. Lekin, qarang uning og’zi yo’q. Ammo u, ijrosi orqali omma bilan muloqotga kirishishi, e’tibor jalb qilishi mumkin. Ko’zlarini ham yumuq tasvirladim. Chunki atrofida ko’radigan yaxshi narsaning o’zi yo’q. Qaragisi kelmaydi, orzu ham qilolmaydi, kelajagini ko’rmaydi. Uning ko’zi ojiz emas, lekin ko’rishni istamaydi”, - deydi Shamsiya Hasaniy.

Uning ota-onasi afg’on urushidan Eronga qochib o’tganda Shamsiya tug’ilgan.

Keyinchalik ular Kobulga qaytarkan, Shamsiya Kobul universitetida o’qidi. Hozir shu dargohda dars beradi.

Istanbuldagi xalqaro festivalda qatnashish o’z vatanidan ko’ra yumshoq muhit, bosim va zo’ravonliklar holi joyda ishlash ijodkorni ilhomlantirdi.

Shamsiya o’z ijodini, graffiti sir-asrorlarini san’atni qadrlovchi insonlar bilan bo’lishdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Graffiti chizib dunyo kezayotgan qiz

“San’at vaziyatni to’g’ridan-to’g’ri o’nglab qo’yolmaydi. Vaziyatni o’zgartirishning o’zi qiyin. Lekin san’at odamlar ongiga ta’sir qilish mumkin. Shu orqali jamiyat o’zgaradi”, - deydi u.

Shamsiya Hasaniy asarlari allaqachon el nazarida. Eng og’ir vaziyatlar, bosim, xotin-qizlarga zo’ravonliklarga qaramasdan ijoddan to’xtamagan.

“Ko’chada yurishdan, atrofimdagi doimiy portlashlardan yuragimni hozuchlab yuraman. Odatda umidsizlikka tushaman. Atrofimda qancha dahshatli voqealar bo’ladi, lekin hech narsani o’zgartira olmayman. Graffiti bilan shug’ullanish ayniqsa ayollarga juda qiyin. Chunki bu jamiyatdagilar ayollar faol bo’lishini istamaydi”, - deydi ijodkor.

“Odatda Kobulda ijod qilaman. Kichik devorlarni tanlayman. Tugatolmay qolamanmi deb katta devorlarga chizmayman. Ishimni bitirib tezda qochishga to’g’ri keladi. Shuning uchun kichik devorlar qulay”, - deydi Shamsiya Hasaniy.

Ijodkor Afg’oniston devorlaridagi asarlariga o’zi istaganday vaqt sarflay olmaydi. Shuning uchun ham festivaldagi imkoniyatdan baxtiyor.

Kobuldagi notinchliklarga qaramay, Shamsiya afg’on xalqi hayotiga yorug’lik va umid olib kirishdan to’xtash niyati yo’q.