Ozarbayjonlik faol: Vatanimizda repressiya avjida, Yevropa o'yinlari - hurmatsizlik

Yevropa o'yinlari 13-iyun kuni Bokuda ochildi

Ozarbayjonda muxolif kuchlarga tazyiq kuchaygan bir davrda Bokuda Yevropa sport o'yinlari o'tishi xalqaro tashkilotlar tomonidan qoralanmoqda. Hukumat bundan norozi va “Yevropa o'yinlari ortidagi repressiya” mavzusida anjuman o'tkazishni rejalagan Xalqaro Amnistiya mamlakatga kiritilmagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Ozarbayjonlik faol: Vatanimizda repressiya avjida, xalqaro hamjamiyat - tomoshabin/Malik Mansur

Germaniya parlamenti Yevropa o'yinlari munosabati bilan Ozarbayjondagi inson huquqlariga oid rezolyutsiya qabul qilgan. Hujjat tazyqilarni to'xtatib, siyosiy mahbuslarni ozod qilishni talab qiladi.

Ozarbayjon muxolifati va fuqarolik jamiyati Yevropa davlatlari rahbarlariga murojaat qilib, Bokuga keskin shartlar qo'yishni, hamkorlikni cheklashni so'ramoqda.

Ukrainadagi ozarbayjonlar kongressi yetakchisi Hagani Guseynov deydki, bu o'yinlarning Bokuda o'tishi mamlakatda demokratik qadiyatlar, so'z erkinligi tiklanishiga xizmat qiladi degan umidlar bor edi, ammo tinimsiz tazyiqlar umidlarni puchga chiqardi.

“Yevropaning ayrim davlatlari rahbarlari Ozarbayjon rahbariyatiga murojaat bilan chiqishdi. Yevropa o'yinlarining ilk bor Bokuda o'tkazilishi munosabati bilan muruvvat ko'rsatish, mamlakatdagi siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish lozimligini aytishdi, lekin hech narsa o'zgarmadi. Aksincha, tazyiqlar yanada kuchaydi”, - deydi Guseynov.

Yevropa o'yinlari 13-iyun kuni Bokuda ochildi. Unda Rossiya, Turkiya, Belarus, Yevropaning yana bir qator davlatlaridan yuqori lavozimli rasmiylar ishtirok etdi.

Hagani Guseynov nazarida mamlakatda muxolifatchilar, huquq himoyachilari, jurnalistlar demokratik qadriyatlarga sodiqligi uchun qamoqda o'tirgan bir paytda Yevropa o'yinlarining o'tkazilishi bu qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlikdek ko'rinadi.

“Demokratik qadriyatlarga nisbatan ozgina bo'lsada hurmat namoyon etmayotgan bir mamlakatda Yevropa o'yinlarini o'tkazish lozim emas edi. Bu o'yinlarni Bokuda o'tkazish bekor qilinganda edi, buning ta'siri kuchliroq bo'lishi mumkin edi. Ozarbayjonda demokratik qadriyatlar mutlaqo ishlamayapti, mana hukumat Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakolatxonasini yopishga qaror qildi”, - deydi Guseynov.

“Ozodlik” radiosining Bokudagi ofisi tintuv qilinib, yopilgan. Prezident Ilhom Aliyev oilasi korruptsiyaviy tuzum boshida turibdi deya bong urib, tekshiruvlar o'tkazgan jurnalist Xadicha Ismoilova bir necha oydan beri hibsda.

Neftga boy Ozarbayjon yulg'ichlik chuqur ildiz otgan davlatlardan biri. 2013-yilda prezidentlikka qayta saylangan Ilhom Aliyev otasi prezident Haydar Aliyev vafotidan so'ng 2003-yilda hokimyatga kelgan edi.