Kaliforniya vinolariga talab yanada oshgan

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya vinolariga talab yanada oshgan

Kaberne Savin’on, Merlo, Shardonne, Pino Nuar… Amerikada vinoning xilma-xil turini topasiz. Mahalliy mahsulotlar. Mamlakat bo’ylab besh mingdan ziyod vinochilik xo’jaligi bor. Ularning aksariyati Kaliforniya shtatida joylashgan. Iqtisodiy inqiroz bu sanoatga deyarli ta’sir qilmadi. Talab, savdo va eksport joyida.

Los Anjeles shahri yaqinida San Antonio vino maskani bir asrdan buyon faoliyat yuritadi. Mahsulot faqat mahalliy bozorga emas, xorijga ham yo’l oladi.

Bu serdaromad soha, deydi inshoot rahbar o’rinbosari Stiv Riboli. Bu zavoddan yiliga yarim million quti chiqariladi. Uzum va vinoning har turi bor.

Stiv Riboli - San Antonio vino xo'jaligi vitse-prezidenti

“Taxminan 50 ming yashik - vinoning an’anaviy navlari deyish mumkin. Qolgani – va bu biznesimizning juda katta qismini tashkil etadi – yuqori sifatli vinoning Kaberne, Pino Nuar, Shardonne va Rizling kabi noyob navlari”.

Bu yerga tashrif buyurgan odam mahsulotning istagan turini tatib ko’rishi mumkin. Uzumlar haqida o’rganasiz.

San Antonio - Ribolilar uchun oilaviy biznes. Stivning otasi Stefano 20-asrning 30-yillarida bu yerda ishlagan. Stefanoning amakisi 1917-yilda zavodga asos solgan. Los Anjeles atrofida vinochilar azaldan italyan muhojirlar bo’lgan. Bu yerning iqlim ularga vatanni eslatadi.

1919-yildan 1933-yilgacha AQShda spirtli ichimliklar man etilgan. Lekin bu zavodga katolik cherkovi uchun vino tayyorlashga ruxsat beriladi.

U kunlar o’tdi. Vinoga talab o’zgardi, sanoat zamonga moslashdi.

Vinoning bir qismi hamon shahar markazidagi tsexda ishlab chiqariladi. Fransiyada tahsil olgan Arno Debon uzumni sharbatga aylantirish jarayonining har bir bosqichini kuzatib boradi va vinoni tatib ko’radi. Har bir o’lka vinosining o’z ta’mi bor, deydi u.

Vinoni tatib ko'rish - Arno Debonning kasbi

“Vinoning to’g’ri yo noto’g’risi bo’lmaydi. Unga qanday maza berishni vinochi hal qiladi. Qaysi uzumdan, qanday bochkada, qay tarzda tayyorlashni.”

Stiv Ribolining aytishicha, so’nggi paytlarda mahsulotning katta qismi Xitoyga eksport qilinmoqda.

“Vinomizning 15-20 foizi chet elga ketadi. Bugungi kunda Xitoy – juda katta bozor”.

Qizig’i shundaki, AQShning o’zi ham vinochilar uchun hali kashf etilmagan bozor. Vino bu yerda ko’pchilik uchun Yevropadagi singari kundalik ichimlik emas.

“Amerikada xaridor vino ichishni endi o’rganmoqda degan bo’lardim. 300 millionga teng aholidan taxminan 100 million odam umrida hech qachon vino ichib ko’rmagan yo vinoni yoqtirmaydi”.

Amerika vinoning yangi avlodlari tayyorlanadigan mamlakatlardan biri. Shu qatorda Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Argentina, Chili, Janubiy Afrika ham bor.