Ko'krak saratoni bilan kurashayotganlar taslim bo'lmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Merilend shtatida fotograf Linda Makkarti o'tgan yili “Omon qolganlar” nomli loyiha boshladi. U ko’krak bezi saratonidan aziyat chekayotganlar bilan ishlaydi.

Linda Makkarti - fotograf. Uning asarlari nafaqat tasvirni muhrlaydi balki insonlarga ruhiy kuch beradi.

Sheril Listmen loyiha fotosessiyasida qatnashayotgan 20 ayoldan biri. Sheril farzandlarini yolg’iz tarbiyalayapti.

“2013-yilda ko’krak saratoniga uchradim. Shifo topish ehtimoling 40 foiz, deyishdi. Hozir ayollar bilan ishlayapman. Men kabi saratonga uchraganlarga ko’rgan-bilganlarimni, asosan tibbiy ma’lumotlar tarqataman. Bu loyiha menga saratonga chalingan ayollarni qo’llab-quvvatlash uchun yana bir imkoniyat bo’lib ko’rindi. O’zim ham shu kungacha qanday kurashayotganimni kuzata olaman”, - deydi Sherl Listmen.

Linda Makkarti ko’krak saratoniga bag’ishlangan loyihasini balerina qidirishdan boshlagan edi.

“Maggi ismli mashhur balerina bilan tanishtirishdi. Unga 23 yoshida to’rtinchi darajali metastatik ko’krak bezi saratoni diagnozi qo’yilgan. U bilan ko’rishganimizda balerina emas, saratonni boshdan kechirayotgan maftunkor ayol sifatida suratlarini ishlash niyatimni aytdim”, - deydi fotograf.

Suratga tushishdan oldin konsultatsiya beriladi, maxsus pardoz qilinadi.

“Bu ayollar anchadan beri pardoz qilmagani, o’zi uchun hech narsa qilolmagani yaqqol seziladi. Oynaga, o’ziga qarab ko’z yoshini to’xtatolmagan ayollarni uchrataman. Pardozdan so’ng, qanchalar go’zalligiga ishonmay hayratlanishadi”, - deydi pardozchi Viktoriya Ronan.

Maqsad - bu bedavo dardga uchraganlarning ko’nglini ko’tarish.

“Bu ayollarni o’zidan qoniqqan inson sifatida ko’rsatmoqchiman. Hech qanday chandiqlarsiz, badanidagi nuqsonlarsiz o’zining naqadar maftunkor ekanini his qilsin”, - deydi fotograf.

“Saratonday bedavo dardni boshdan kechirayotgan hech bir insonning go’zallik haqida o’ylash ko’ngliga sig’maydi. Muolajalardan tanada iz va chandiqlar qoladi. Ruhiyat cho’kadi, his-tuyg’ular parokanda bo’ladi. Berilayotgan muolajalar hunuk, unutish qiyin. Bu fotosessiyada qatnashib yana maftunkor ayol ekanimni, hali ham birob ishning uddasidan chiqa olishimni his qildim”, - deydi Sherl Listmen.

Ko’krak bezi saratoniga uchraganlar qalbiga yorug’lik olib kirayotganidan ilxomlangan fotograf ijodini davom ettirish niyatida. U endi tajribasi haqida kitob yozmoqchi.