Erta oila qurish AQShda ham muammo

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 18 yoshga to’lmaganlarning turmush qurishini inson huquqlarining toptalishiga tenglashtirgan. Bunday holatlar qashshoq mamlakatlarda ko’p uchrasa-da, Qo’shma Shtatlarda ham bolalar nikohi haqiqat.

Sara Tasnim tengdoshlaridan tezroq ulg’ayishga majbur bo’lgan. 15 yoshida otasi uni 28 yoshli odamga turmushga bergan.

“Otam bir kultga qo’shilib qolgan edi, islom dinidan alohida qandaydir guruh. Qizlarning vazifasi xotin va ona bo’lish deb ishonishgan”, - deydi u.

Tasnim bizdan asl ismini bermaslikni so’radi. Uni nikoh qildirib, eri boshqa bir mamlakatga olib ketadi.

“Meni o’zi tug’ilib o’sgan mamlakatga olib ketdi. Olti oydan keyin qaytib keldik, 16 yoshga kirgan homilador edim. Nevada shtatida rasman nikohdan o’tdik. Depressiyaga tushdim. O’zim bilan teng qizlarga ko’zim tushsa, qani endi o’shalar kabi erkin bo’lsam degan xayolga borardim”, - deydi Tasnim.

AQShda minglab boshqalardan ham shunday hikoyalar eshitasiz. Aholini ro’yxatga olish byurosi e’lon qilgan so’rovda 2010-2014-yillar oralig’ida 15-17 yoshli 78 ming amerikalik bola turmush qurganini aytgan.

“Bu muammo, chunki ular ko’pincha maktabni ham bitirmaydi, qashshoqlikda hayot kechirishi ehtimoli 31 foiz yuqoriroq. Yosh qizlar ko’zi yoriganda o’zining ham, chaqaloqning ham hayoti xavf ostida bo’ladi”, - deydi olima Jodi Heyman.

So’rovda AQShni boshqa davlatlardan ajratib turadigan ko’rsatkich ham bor. “O’spirinlar ham oila quryapti”, - deydi Heyman.

Erta turmush qurish hindistonlik va xitoylik amerikaliklar oilalarida ko’p uchrar ekan. Raqamlarning ko’rsatishicha, aynan muhojir jamoalarda muammo keng tarqalgan.

“Muayyan bir dinga xos muammo emas bu. Bolalar nikohi barcha etnik guruhlarda uchraydi, lekin kelib chiqishi Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyodan bo’lgan oilalarda ko’rsatkichlar yuqori”, - deydi olima.

Tasnim ikki farzandli bo’lganidan keyin ajrashdi.

“Meni ta’limdan mahrum qilishdi. Bugungi kungacha ta’lim olish uchun kurashib kelayapman”, - deydi u.

Tasnim hozir 37 yoshda, bolalari ulg’aygan. Yaqinda qayta oila qurdi, lekin unga oson bo’lgani yo’q.

“Erkinligidan ayrilgan insonni, qancha harakat qilmang, baribir butun qila olmaysiz”, - deydi suhbatdosh.

Tadqiqotchilarga ko’ra, bunday hikoyalar erta turmush qurish asoratlarini tushunishda yordam beradi.