Amerika elchisi: Ebolaga qarshi yordamni oshirish g'oyat muhim

  • Amerika Ovozi

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer Gvineyada BMT qarorgohida. 26-oktabr, 2014-yil.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer G'arbiy Afrikada salkam besh ming odamni hayotdan olib ketgan xavfli Ebola virusiga qarshi xalqaro choralarni oshirishga chaqirayapti.

Pauer Gvineyaga safari davomida mintaqa davlatlari tezkor yordamga nihoyatda muhtoj ekanini, oddiy vositalar odamlarning hayotini saqlab qolishi mumkinligini ta'kidladi.

Elchi bir necha mamlakat, jumladan, eng ko'p talofat ko'rgan Syerra-Leone va Liberiyaga safar qilayapti.

Nyu-York va Nyu-Jersi gubernatorlari G'arbiy Afrikada Ebola bilan kasallangan odamlarni davolagan tibbiyot xodimlari uchun karantinni majburiy qilib belgilagan edi.

Nyu-York gubernatori Andryu Kuomoning aytishicha, bunday vrachlar, hamshiralar va oddiy fuqarolar AQShga qaytganidan keyin 21 kun karantinda bo'lishi, uyidan chiqmasligi kerak. Ular kuniga ikki bor tibbiy ko'rikdan o'tishi lozim.

Bu qaror yaqinda G'arbiy Afrikada ishlab qaytgan nyu-yorklik shifokorda Ebola virusi aniqlangach, qabul qilingan.

Nyu-Yorklik shifokor, doktor Kreyg Spenser safardan qaytgach, bir hafta o'tib kasalxonaga yotqizilgan. Bu orada u jamoat transportida qatnagan, restoranda ovqatlangan.

Syerra-Leoneda ishlagan amerikalik boshqa hamshira Kachi Hikoks o'tgan juma AQShga qaytgach, Nyu-Yorkda karantinga joylangan edi. Uning aytishicha, dastlabki analiz uning sog'lom ekanini ko'rsatgan va ayol majburiy karantindan norozi hamda uzviy huquqlari poymol qilinayotganidan shikoyat qilmoqda.

Oxirgi xabarlarga ko'ra, analizlar asosida hamshiraga kasalxonani tark etishga ruxsat berishga qaror qilingan.

Obama ma'muriyati ikki shtatda joriy etilgan majburiy karantinni o'ta keskin chora deya tanqid qilgan.