Rossiya Misrga samolyotlar qatnovini to'xtatdi

  • Amerika Ovozi

Misr uzra o'tgan hafta qulagan rus yo'lovchi samolyoti portlatilgan, degan taxmin tergov qilinar ekan, Rossiya shunday qarorga kelgan. Uning bortida 224 kishi kishi, asosan, rus sayyohlari bo'lgan.

Rossiya rahbariyati bugun, jumadan Misrga samolyotlar qatnovini vaqtincha to'xtatdi.

Misr uzra o'tgan hafta qulagan rus yo'lovchi samolyoti portlatilgan, degan taxmin tergov qilinar ekan, Rossiya shunday qarorga kelgan. Uning bortida 224 kishi kishi, asosan, rus sayyohlari bo'lgan.

Xususan, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov shanba kungi fojea sabablari aniqlanmaguncha, parvozlarni to'xtatishni tavsiya qilgan.

Bir necha kundirki, Moskva G'arbning Sharm-al-Shayxdan Sankt-Peterburgga yo'l olayotgan samolyotda bomba bo'lgani haqidagi da'volarini rad etib kelayotgan edi.

Britaniya esa Misrdan o'z fuqarolarini olib chiqish harakatida. Hafta boshida Britaniya hukumati Misr bilan o'rtada qatnovchi barcha reyslarni vaqtincha to'xtatgan edi. Misr hukumati ham Britaniya tomon parvozlarni vaqtincha bekor qilgan. Bular xavfsizlik choralari bilan izohlanmoqda.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron kecha, payshanba kuni Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissiy bilan ko'rishdi. Sissiyning aytishicha, samolyotda bomba bo'lgani haqidagi taxminlar asossiz. Misr rahbariyati voqea iqtisodiyotning muhim tarmog'i hisoblangan turizmga jiddiy ziyon yetkazishidan tashvishda.

Britaniya Bosh vaziri Kameron esa tergov davom etayotganini uqtirar ekan, razvedka ma'lumotlari laynerda portlovchi moslama bo'lganini taxmin qilmoqda, deydi. Shu bois, qirollik oldindan ehtiyot choralar ko'rishni, o'z fuqarolarini ogohlantirishni lozim topgan.

Amerika Prezidenti Barak Obama ham Rossiya yo'lovchi samolyotida bomba bo'lgani ehtimoldan xoli emas, ammo tergovning tugal xulosalarini kutish kerak, demoqda.

"Islomiy davlat" nomli jangari to'da laynerni urib tushirganini da'vo qilayapti. Buni isbotlovchi dalillar hali topilganicha yo'q.