Imkoniyati cheklangan odamlarni ish bilan ta'minlayotgan maskanlar

  • Amerika Ovozi
Aqlan zaif odamga biror hunarning boshini tutib, ish topish oson emas. Virjiniya shtatidagi “Wildflour” oshxonasi shunday toifadagi insonlarni ish bilan ta’minlashga bel bog’lagan. Ular nafaqat pul topadi, balki qobiliyatini charxlab, kasb egallaydi, o’ziga ishonchi oshadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Imkoniyati cheklangan odamlar uchun imkoniyatlar - Navbahor Imamova

Filip Kif qilayotgan ishi haqida faxrlanib gapiradi.

“Kartoshka to’g’rayman, ko’katlarni tozalayman, sabzi archaman, qalampir…”

Ro’yxat uzungina. Kerri Obrayen ham pazandalikni sevadi.

“Bu mening orzum. Bir kun kelib oshpaz bo’lmoqchiman, ota-onamni xursand qilaman”.

Obrayen va Kif Shantili shaharchasida joylashgan “Wildflour” kafesida ishlaydi. Yetmish nafar ishchisi bo’lsa, yarmidan ko’pi aqlan zaif odamlar. Notijoriy tashkilot ularni oshxona va restoranlarda ishlashga o’rgatadi. Alberto Sanjorjio – kafe bosh menejeri.

“Har bir vazifani puxta egallashi uchun 2-3 oy vaqt ajratamiz: idish-tovoq yuvish, sabzavotlarni to’g’rash, maydalash. Navbat bilan, almashib ishlashadi 4-5 yil. Amaliyotni bitirgach, boshqalar qatori istagan restoranida mehnat qilishi mumkin,” - deydi u.

Ishchilar yoshi 22 dan 60 gacha. Soatiga 7,5 dollar maosh oladi. Kasal bo’lgan yoki ta’tilga chiqqan vaqti uchun pul to’lanadi. Pol Miller olti yildan beri bu yerda oshpaz.

“Ular ishga jon deb keladi. Kasbdoshlarini yaxshi ko’radi. Topshiriqlarga qanchalik hafsala bilan yondashishini aytsam, ishonmaysiz. Boshida qiyin, albatta, lekin uddalashadi,” - deydi u.

Fernanda Rodrigez qadoqlashni o’rgatadi.

“Aslida men ulardan ko’proq narsa o’rgansam kerak. Ishga, atrofdagilarga munosabati juda iliq, ijobiy”.

Veronika Kif o’g’lidagi o’zgarishlarni ko’rib, xursand.

“O’zini ancha bosib olgan, kayfiyati yaxshi, g’ayratga to’la. Hamkasblari bilan bo’lishni, muomala qilishni yoqtiradi,” - deydi ona.

Richard Xarrison “Wildflour” kafesida doimiy mijozlardan. Taomlari mazali, lekin bu yerga kelishiga boshqa sabab ham bor.

“Restoranning yondashuvi yoqadi menga. Nogironlarni ishga olayotgani tahsinga sazovor deb o’ylayman,” - deydi u.

To’g’rash va qadoqlashni o’rganishdan tashqari xodimlarda o’ziga ishonch hosil bo’lishi – eng muhimi. Daun sindromiga chalingan Jon Stivens kafeda 2008-yildan buyon ishlaydi.

“Bu ish barcha orzularim ushalishiga olib keladi, deb ishonaman. Faqat oshpazlikda emas, boshqa sohalarda ham. Normal hayot kechirishim uchun menga qo’ldan kelgancha yordam berishyapti”.

Stivens kelajakda aktyor bo’lmoqchi. Imkon berishsa, oshpaz rolini ham boplab bajargan bo’lardim, deydi u.