Kaliforniya: Qariyalarga o’t o’chiruvchilar bozor qilib beradi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus davrida keksalar va sog’lig’i zaif insonlarning hatto bozorga chiqish kabi oddiy vazifalarni bajarishi ham xavfli. Kaliforniyada o’t o’chiruvchilar bu ishni o’z bo’yniga oldi. Ular bo’sh vaqtida zarur oziq-ovqatni xarid qilib, qariyalarning uyiga yetkazib beradi.

Korin Peltiyer otasi kabi doim o’t o’chiruvchi bo’lishni xohlagan. U favqulodda yordam ko’rsatuvchi 911 xizmatiga dispetcher bo’lib ishga kirdi. Ammo bu ishda odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilmaysiz.

Kaliforniya shtati, Glendeyl shahridagi o’t o’chirish stansiyasi ko’ngillilarni qidirayotganini eshitib, Peltiyer darhol ariza topshirdi.

“Bugungi ro’yxatda ismaloq, sarsabil, ananas, baqlajon, brokkoli, qo’ziqorin, loviya, salsa va sabsavotli bulyon!”, - deydi u bozorda yurar ekan.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom 65 yoshdan yuqori odamlarni uyda qolishga da’vat etgan. Koronavirusni yuqtirib olmaslik uchun hech kim, jumladan qarindoshlar bilan ko’rishish yo’q.

Glendeyl shahri o’t o’chiruvchilari ro’yxat bilan do’konga borishadi. Qariyalarga kerakli barcha mahsulotni va dorilarni sotib olib, ularning uyiga yetkazishadi. Bu xizmatdan foydalanmoqchi bo’lganlar telefon qilsa bo’lgani.

“Oziq-ovqatni o’z hisobimizdan xarid qilmayapmiz. Maxsus jamg’armadan pul ajratilgan. Ro’yxatdagi mahsulotlar uyidan chiqmaslik tavsiya etilgan odamlarning uyiga yetkaziladi va ularga chek taqdim etiladi. Ammo yetkazib berish bepul”, - deydi o’t o’chirish stansiyasi rahbari Silvio Lanzas.

Keksa odamlarga mahsulot yetkazayotganda rioya qilinayotgan asosiy qoida – ijtimoiy uzoqlashuv.

Paramedik Sheyn Xoft o’z oilasini virusdan himoya qilish uchun ular bilan o’tkazadigan vaqtini cheklab qo’ygan. Smenasini tugatib uyiga borganidan keyin ikki kun o’zini izolyatsiya qiladi, xotini va bolasini ko’rmaydi.

“Ikki kun davomida o’g’limni ham ko’ra olmayman. Ehtiyot chora shunday qilishim kerak. Kasallik tarqalishini oldini olish uchun shu tariqa hissa qo’shaman”, - deydi Xoft.

Odatda uyini umuman tark etmaydigan keksalar uchun eng qiyini – to’liq izolyatsiyada bo’lish, boshqa odamlarni ko’rmaslik. Ko’ngilli o’t o’tiruvchilar meva-sabzavot yetkazganida qisqagina suhbat ham ular uchun muhim.