G'arb sanksiyalari Rossiyani sindira olmadi

  • Amerika Ovozi

Ukrainani qo'llab-quvvatlayotgan va Rossiyaga sanksiya kiritayotgan "Katta Yettilik" guruhi

“Atlantika kengashi” deb nomlanuvchi Vashingtonda asoslangan jiddiy tahlil markazi xulosasiga ko’ra, G’arbning Rossiya iqtisodiyotini sindirishga qaratilgan sanksiyalariga qaramay, Moskvaning o’nlab mamlakat bilan savdo hajmi o’sgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-iyun, 2023-yil

“Rossiyaning Hindiston va Gretsiya kabi turli mintaqadagi mamlakatlar bilan savdosi kuchaygan, ular Rossiya neftini jahon bozoridagi narxlardan arzonroqqa sotib olyapti. “Katta Yettilik” guruhining choralari sabab Rossiya bozorida hosil bo’lgan kamomad Turkiya va ko’plab boshqa mamlakatlarga elektronika hamda kimyo sanoati uchun mahsulotlarni eksport qilishga imkon yaratdi”, - deydi “Atlantika kengashi” tahlilchisi Nils Grem.

Xususan so’nggi besh yil davomida Xitoy-Rossiya savdo aylanmasi yiliga o’rtacha 23 foizga, Rossiya Ukrainaga qo’shin tortganidan beri esa 27 foizga oshgani aytilmoqda.

Shu bilan birga, deydi Grem, Xitoy bu ishni bosiqlik bilan qilmoqda.

“Xitoy Rossiya bilan faol aloqa qilmoqda, savdo hajmi oshmoqda, ammo G’arb chizgan chiziqni kesib o’tmaslikka harakat qilmoqda, ancha muhim hisoblangan G’arb bozoridan ajralib qolmaslik, G’arbning jazo choralariga uchramaslik maqsadida”, - deydi mutaxassis.

Rossiyaning Hindiston bilan savdo hajmi 2021-yildan beri 250 foizga oshgan. “Katta Yettilik” o’tgan yil dekabrida rus nefti narxini cheklashi ketidan Xitoy va Hindiston Rossiya taklif etgan chegirmalardan foydalanib may oyida undan rekord darajada neft sotib olgan.

Rossiyaning Turkiya bilan savdo oboroti 93 foizga oshgan. Anqara Moskvani havoday zarur integral mikrosxemalar va yarimo’tkazgichlar bilan ta’minlamoqda.

“Bularning barchasi mahsulotlar tranzitidir. Ular avval Turkiyaga import qilinib, so’ng Rossiyaga eksport uchun chiqarilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, Turkiya Rossiya uchun sanksiyalarni chetlab o’tishda yordam beruvchi markazga aylangan”, - deydi Nils Grem.

Mart oyida Turkiya Yevropa Ittifoqiga so’z berib, sanksiyalar yoki eksport cheklovlariga uchragan mahsulotlarni Rossiyaga ortiq sotmasligini yoki tranzit bilan o’tkazmasligini bildirgan. Anqara harbiy sohaga aloqador mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilayotganini inkor etib keladi.

“Forbes” jurnalining xabar berishicha, G’arb davlatlarining Rossiyaga qo’ygan sanksiyalari ularning o’ziga ziyon bo’lmoqda. Yevropada oziq-ovqat qimmatlashgani, yoqilg’i kamomadi sabab zavod va fabrikalar yopilayotgani aytilmoqda.

Yevropa bo’ylab oziq-ovqat narxi oshayotgan bir paytda Rossiya mintaqada narxlar tushgan yagona mamlakat bo’lgani aytilmoqda.