Saudiya Arabistoni, Hindiston terrorga qarshi birga kurashadi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda Hindiston bilan hamkorlik qiladi. Dehliga safar qilgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon terrorizmni umumiy dushman deb atadi.

Ikki davlat infrastruktura, uy-joy va turizm sohalarida hamkorlik bo'yicha besh kelishuv imzolagan. Kelasi ikki yilda, deydi Salmon, Hindistonga 100 milliard dollar sarmoya qilish imkoniyatlari bor.

Uning Dehliga safari Hindiston va Pokiston aloqalari taranglashgan bir paytga to'g'ri kelmoqda. Yaqinda Kashmirning Hindiston da'vo qiladigan qismida ro'y bergan portlashda 40 xavfsizlik xodimi halok bo'lgan edi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga ko'ra, terrorizmga homiylik qilayotgan davlatlarga har tomonlama bosimni oshirish zarur

Avvalroq Pokistonga ham tashrif buyurgan Muhammad bin Salmon Dehlidagi matbuot anjumanida bu hujumni tilga olmagan bo'lsa-da, terrorizmga qarshi birgalikda kurashish doirasida Hindiston bilan razvedka ma'lumotlari almashishga tayyormiz, dedi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga ko'ra, terrorizmga homiylik qilayotgan davlatlarga har tomonlama bosimni oshirish zarur. Saudiya rahbari bilan matbuot anjumanida u terror infatuzilmasini yo'q qilish, terrorchilarni va ularga ko'mak berayotganlarni jazolash haqida gapirdi.

Modi bu bilan Pokistonga ishora qilmoqda. Hafta boshida Muhammad bin Salmon Islomobodda ham iliq kutib olingan va 20 milliard dollarlik kelishuvlar imzolagan.

Shahzoda Salmon jurnalist Jamol Qoshiqchining o'limi yuzasidan xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga uchragan

Dehli va Riyod dengiz xavfsizligi va kiberxavfsizlik bobida yaqinroq hamkorlikka kelishib oldi. Qirollik 2016-yildan beri Hindistonga 44 milliard dollarlik sarmoya kiritgan, 2018-yilda o'zaro savdo 27 milliard dollarni tashkil etdi. Energetika, qishloq xo'jaligi va texnologiya sohalariga yana 100 milliard sarmoya qilishimiz mumkin, dedi Saudiya shahzodasi.

O'tgan yilning oktabrida Saudiya Arabistonining Turkiyadagi konsulligida jurnalist Jamol Qoshiqchi g'oyib bo'lgan edi. Qirollik agentlari uni o'ldirgani tan olingan. Shahzoda Salmon xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga uchragan bu voqeadan keyin ilk bor xorijiy safarga chiqdi. U Hindistondan Xitoyga yo'l oladi.