AQSh: Rossiya Eronga namoyishlarni bostirishni o'rgatyapti

  • Amerika Ovozi

Bayden ma’muriyati Eronda odamlarning namoyish qilish huquqini qo’llab-quvvatlashini bildirar ekan, Rossiya va Eron namoyishlarni bostirishda hamkorlik qilayotganiga ishora qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-oktabr, 2022-yil

22 yashar Mahsa Aminiy Tehron axloq politsiyasi mahkamasida 40 kun oldin o’lganiga qaramay, Eron hukumatiga qarshi norozilik aksiyalari so’ngani yo’q.

Namoyishlar nafaqat Eronning o’zida, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham kuzatilmoqda.

"Moskva Eronga namoyishlarni bostirishni o’rgatayotganidan xavotirdamiz, axir Rossiya ochiq namoyishlarni bostirishda boy tajribaga ega”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Aleks Vatanka shunday bo’lish ehtimolini hisobdan chiqargani yo’q.

“Eron rejimi o’nlab yillar davomida namoyishlarni bostirish san’atini charxlab olgan, ular ruslar yordamiga muhtoj emas” deb aytish mumkin, albatta, biroq Rossiya aholini internet va boshqa aloqa vositalaridan ayirish kabi usullarni o’rgatishi mumkin”, - deydi amerikalik ekspert.

Vatankaning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron rahbarlari bilan azaldan yaxshi aloqa qiladi.

“Vladimir Putin Eron oliy diniy raisi Ali Xomeneiy bilan 22 yildan beri tanish. Bu ishchi aloqalar. Xomeneiy boshqa davlatlar rahbarlariga bunchalik ishonmasa kerak. Xomeneiy Rossiya uning rejimini qo’llab-quvvatlasa, islomiy respublikaning omon qolish ehtimoli yuqoriroq bo’ladi deb o’ylayapti”, - deydi u.

G’arb Eronga nafaqat inson huquqlari masalasida bosim qo’ymoqda, balki uni Rossiyani harbiy dronlar bilan ta’minlayotganlikda ham ayblayapti. Biroq Eron ham, Rossiya ham Ukraina energetika infratuzilmasini nishonga olayotgan dronlar Tehrondan kelayotganini inkor etyapti.

Chorshanba kuni Oq uyga tashrif buyurgan Isroil Prezidenti Isaak Xersog AQSh rahbari Jo Bayden bilan uchrashib, Eronning Rossiya bilan qurol savdosi bobidagi hamkorligini muhokama qilgan.

Ukraina Isroildan havo mudofaasi tizimini so’ragan. Xabarlarga ko’ra, Isroil bunga ko’nmagan, ammo Kiyev bilan Eron harbiy texnologiyasiga doir ma’lumotlarini ulashgan.

Eron Rossiya “Geran-2” deb atayotgan dronlar uniki ekanini inkor etarkan, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullahiyon Ukrainadan bu da’volariga isbot so’rab, kiyevlik rasmiylarni shu mavzuda gaplashish uchun Tehronga taklif etdi.

“Eron pozitsiyasi shuki, Ukrainadagi urushga aloqador hech bir tarafni qurollantirmaymiz. Eron Ukrainadagi urushga qarshi”, - dedi vazir.