Markaziy Osiyo: Terrorizmga erkinlik va imkoniyat bilan javob berish kerak

Jorj Vashington universitetida tahlilchi Noa Taker bilan o'tgan anjumandan, 18-fevral, 2016

"Islomiy davlat" Markaziy Osiyo yoshlarini o'z safiga chorlashda davom etmoqda, nafaqat jangari sifatida, balki oshpaz, haydovchi yoki boshqa turdagi xizmatlar uchun ham. Terrorchi guruhga qo'shilganlar sonini hech kim aniq bilmaydi. Balki bir necha yuz, balki bir necha ming. Lekin bir odamning qonxo'r ekstremistlarga ergashishi ham fojia.

Xo'sh, yoshlarni bu yo'ldan qanday asrash mumkin? Ular bilan ishlash kerak, deydi bu borada izlanishlar olib borgan amerikalik olim Noa Taker (Noah Tucker), toki yorqin kelajakni ular bilim va ishda, vatan va yaqinlari orasida ko'rsin. Dunyo kezib, o'z oilasi va mamlakati ravnaqi uchun pul topsin. Vatandagi eng asosiy muammolardan biri bu shaxsiy e'tiqod erkinligining cheklanganidir, deydi Taker.

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo yoshlarini terrorizmdan saqlash nima talab qiladi? Navbahor Imamova

"Ozodlik" radiosi bergan xabarlarga ko'ra, Toshkentda Amerikadan qaytgan bir necha shaxs ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib yaqinda hibsga olingan. Xorijda yashab kelganlar bosim ostida ekani yangilik emas. Respublika xavfsizlik organlari yillar davomida ularni yaqindan kuzatib, tazyiqqa olib keladi. Turk litseylarini bitirganlar, taqvodor va namozxon yoshlar, o'zga yurtda soqol o'stirish yoki hijob kiyishni odat qilganlar, ijtimoiy tarmoqlarda islom haqida ochiq fikr bildirib, turli oqimlar va harakatlarni olqishlaganlar - hukumat ularga ehtimoliy tahdid manbai sifatida qaraydi.

Afsuski, bugun bu faqat O'zbekistonga xos manzara emas. Erkin jamiyatlar sifatida tanilgan G'arb davlatlarida ham dindor yoshlar mutaassiblik tomon ketmayotganmikan degan xavotir, gumon kuchli. Amerika va Yevropada o'nlab xorijliklar ekstremizmda ayblanib qamoqda, xususan, Nyu-York shahrida kamida besh o'zbek shunday ayblov bilan panjara ortida.

"Islomiy davlat" va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi kurash AQSh tashqi siyosati markazida turgan masala ekan, Vashingtonning musulmon-avtoritar mamlakatlarda diniy erkinlik targ'iboti susaygan. Kongressga maxsus komissiya topshiradigan yillik hisobotdagi tavsiyalar deyarli chetga surilgan. Ularda, asosan, yosh avlod bilan shug'ullanish, ular egri yo'lga kirmasligi uchun zarur sharoit yaratib berish xususida gap ketadi.

O'zbekiston va qo'shni davlatlarda rahbariyat shunday izoh beradi: farovon yashash uchun sharoit yaratilgan; chet elga ketayotganlar qattiq mehnatdan qochayotgan shaxslar; tezda boyib olaman degan tasavvur bilan bilib-bilmay turli to'dalarga ergashayotgan insonlar.

Bosim ostiga olingan yoshlar esa vatanda halol tirikchilik qilib yurganida ham xavfsizlik organlari ularga tinchlik bermaganini aytadi.

Manzara tobora murakkablashib bormoqda, deydi Noa Taker, lekin bir narsa aniq: kelajak tinch va barqaror bo'lsin desak, yoshlarga g'amxo'rlik qilish kerak. Ular o'z hayoti va jamiyatni qadrlashni o'rgansin, toki taraqqiy etishni ular o'z vazifasi deb bilsin, erkin va teran fikrlay olsin.

Mintaqadagi besh respublikada "Islomiy davlat" propagandasi va unga davlat hamda jamoatchilik javobi qanday ekani haqida ilmiy maqolalar yozgan mutaxassis fikricha, o'zbeklar va tojiklar terrorchilar eng ko'p e'tibor qaratgan guruh.

O'zbeklar, tabiiyki, Markaziy Osiyodagi eng yirik elat. Tojiklar va qirg'izlardan keyingi o'rinda qozoqlar. Turkmanistondan deyarli hech kim yo'q. Turkman terrorchilar deganda Iroq va Yaqin Sharqning boshqa qismlaridan chiqqan etnik turkmanlar tushuniladi. Noa Taker o'z tahlilida yana bir narsaga urg'u beradi: markaziy osiyoliklar "Islomiy davlat"ga qaraganda, unga qarshi urushayotgan to'dalarda ko'proq.

O'zbekiston va Tojikiston hukumatlarining dindorlarga o'tkazayotgan bosimi terrorchilar uchun targ'ibot quroli. Qolgan davlatlarda "Islomiy davlat" propagandasi deyarli sezilmaydi. Biroq Qozog'istonga xos bir fenomena kuzatiladi. "Islomiy davlat" targ'ibot videolarida qozoq bolalarni ishlatadi. Maqsad - tizim xalqaro, nafaqat Yaqin Sharq, balki Markaziy, Janubiy, Janubi-sharqiy va Sharqiy Osiyoni qamraydi, a'zolar dunyoning har chekkasidan kelmoqda, deya reklama qilish. Qozoq bolalari, jangarilar nazarida, global chehraga ega.

Markaziy Osiyo davlatlari azaldan aholini xorijiy islom xavfidan asrashga urinib keladi. Dindorlarga nisbatan bosim va tazyiqni terrorizmga qarshi zarur chora deya asoslaydi. Bugungi barqarorlik mana shu siyosat mahsuli, deydi rasmiylar. Jamoatchilik ham, bir qarashda, shunday fikrlayotgandek. Lekin avlodlar yangilanar ekan, yoshlar orasida dindorlar ko'paymoqda. Qo'rqinch ostida bo'lsa-da, islomga e'tiqod hamon kuchli.

Noa Taker sobiq sovet o'lkalariga xos yana bir masala haqida gapiradi. Aholi orasida konspiratsion nazariyalar, fitnalarga ishonch kuchli. Shu qadar kengki, hatto ziyoli qatlam va hukumatdagilar ham turli to'qimalarga laqqa tushgan.

"Islomiy davlat" - Amerika yoki Isroil tomonidan yoki ular birga tuzgan va musulmon dunyosiga qarshi qaratilgan kuch degan qarash ko'p quloqqa chalinadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni yaqindan kuzatsangiz, xorijdan, jumladan, Rossiyada asoslangan saytlar, shuningdek, mahalliy manbalar ham konspiratsiyalarga asoslangan nazariyalar tarqatayotganini ko'rasiz. Qora ishlar ortida G'arbning o'z turibdi, erkinlik va demokratiya propagandasiga ham, terrorizm va unga qarshi kurashga ham ming lan'at degan so'kishlarni o'qiysiz.

E'tiqod erkinligi cheklangan degan tanqidni mintaqaning biror davlati tan olmaydi. Masjidlarning soniga va hajmiga qarang, deydi rasmiylar, islom - milliy madaniyatning ajralmas qismi. Boshqa dinlar uchun ham sharoit yetarli, yana nima kerak, deya so'raydi mutasaddilar.

Hukumat o'z siyosatini xohlaganicha asoslashi mumkin, deydi Noa Taker singari ekspertlar, lekin yillar davomida shuni tushunib yetdikki, huquq va qonun ustuvor, adolat va oshkoralik bor jamiyatlar o'z fuqarolaridan dindorligi uchun shubhalanmaydi. Yoshlarni qilmishi uchun emas, fikri va e'tiqodi uchun qamayverish mamlakatni zulmat tomon yetaklaydi.

Ruhan yakkalanib qolgan, umidsizlangan yoshlar ko'p va ular dinga berilib, o'ziga panoh va hayotiy mazmun izlaydi. Ularni qutqarish kerak, qamash bilan muammo hal bo'lmaydi, deydi Taker. Dunyoning qayerida bo'lmasin, hukumatlar mana shu reallikni anglashi, jamoatchilik bilan bu borada ishlashi kerak, deydi u.

"Islomiy davlat" Amerika tuzgan tashkilot degan konspiratsion nazariya keng tarqalgan (Noa Taker)

Dindorlarni ekstremizmda ayblab qamash Markaziy Osiyoda yangilik emas lekin katta muammo (Noa Taker)

Qirg'iz jangarilar (Noa Taker)

Tojik jangarilar (Noa Taker)

O'zbek jangarilar (Noa Taker)

"Islomiy davlat" o'z videolarida qozoq bolalarni ko'p ishlatadi, o'zini xalqaro tashkilot sifatida targ'ib qilib. (Noa Taker)

Terroristlar G'arbning odamlari degan nazariyalar keng tarqalgan (Noa Taker)

Musulmonlar orasida keng tarqalgan konspiratsion nazariyalardan biri (Noa Taker)

"Islomiy davlat" aslida AQShning islom dunyosiga qarshi o'yinchog'i degan konspiratsion nazariyani olg'a suruvchi suratlarddan biri (Noa Taker)

Jorj Vashington universitetida ekspert Noa Taker bilan muloqot, 18-fevral, 2016